26-oktabr kuni Belarusda umummilliy ish tashlash boshlandi. Belarus muxolifati yetakchisi Svetlana Tixanovskaya bu haqda hukumat “xalq ultimatumi”ni bajarmaganidan so‘ng e’lon qildi. Ish tashlashga qator davlat tashkiloti xodimlari qo‘shilmoqda, masalan, “Grodno Azot”, Minsk traktor zavodi, Minsk elektrotexnika zavodi, Minsk g‘ildirakli tyagachlar zavodi, “Belorusneft”, deb yozadi Meduza.

Foto: Meduza

Ishchilar o‘z korxonalari hududida, ayrimlari esa kirish qismi bo‘ylab namoyishkorona yurishlarni boshlagan, xodimlarning bir qismi ishga chiqmagan. Odamlar davlat korxonalarida maxsus kuchlarning (OMON) mashinalarini payqagan. Ko‘plab kompaniyalarning rasman ma’lum qilishicha, ularda ish jarayonlari davom etmoqda.

Ish tashlashga ko‘plab xususiy kompaniyalarning xodimlari kelib qo‘shilgan. Ularning ayrimlari 26-oktabr kunini dam olish kuni deb e’lon qilgan, qolganlari muddatsiz ta’tilga chiqqan yoki texnik sabablarga ko‘ra, masalan, inventarizatsiya bo‘yicha yopilgan. Ular orasida tibbiyot markazlari, do‘konlar, barlar, kafelar, til maktablari, mashg‘ulot zallari, turfirmalar, go‘zallik salonlari va servis markazlari bor. Shuningdek, ish tashlashga MTC xodimlari ham kelib qo‘shilgan (tasdiqlanmagan ma’lumotlarga ko‘ra, ularni ishdan haydash bo‘yicha tahdidlar bo‘lgan).

Belarusdagi oliy ta’lim muassasalari talablari bir nechta norozilik aksiyasini o‘tkazgan, OMON ularni qo‘lga olish ishlarini amalga oshirgan. Belarus milliy texnika universiteti va Belarus davlat informatika va radioelektronika universiteti talabalari ikkala ta’lim dargohi joylashgan Minskdagi Mustaqillik shoh ko‘chasi bo‘ylab marsh uyushtirgan. G‘alaba maydoni yaqinida namoyishchilarning bir qismini OMON xodimlari ushlagan. Maxsus xizmat xodimlarining mikroavtobuslarini ko‘rgan ko‘plab talabalar qochib ketgan.

Foto: “Belsat”

Shuningdek, Minsk davlat lingvistika universitetining talabalari ham Mustaqillik shoh ko‘chasiga chiqib, norozilik namoyishchilariga qo‘shilgan. “Tut.by”ning yozishicha, talabalarni ularning o‘qituvchilari qo‘llab-quvvatlagan. Onliner’dagi videoga ko‘ra, bir necha kishi yo‘lning harakatlanish qismiga chiqqan. Oliy ta’lim dargohiga maxsus texnika yaqinlashgach talabalar universitetga qochib kirgan, biroq kuch tuzilmalari xodimlari ketgach ular yana ko‘chaga chiqishgan.

Minskda Belarus san’at va madaniyat davlat universiteti, Belarus davlat universiteti, pedagogika, iqtisodiyot va tibbiyot universitetlari talabalari norozilik namoyishini o‘tkazmoqda. Ayrim oliy ta’lim muassasalari talabalari o‘tirgan holda norozilik aksiyasini uyushtirmoqda, qolganlar — o‘nlab va yuzlab o‘quvchilar o‘z universitetlari binosining kirish qismida turgan holda norozilik bildirmoqda. Telegram-kanallarda yozilishicha, turli OTM talabalari Mustaqillik shoh ko‘chasidagi Belarus davlat universitetining bosh binosi qarshisida uchrashishni rejalashtirmoqda. Brestda — Brest davlat texnika universiteti, Grodnoda — Grodno davlat universiteti talabalari norozilik namoyishlarini o‘tkazmoqda. Belarus Ta’lim vazirligining “RIA Novosti”ga ma’lum qilishicha, talabalarning aksiyasi aniq xarakterga ega bo‘lib, mamlakatda o‘quv jarayonlari buzilmagan.

Foto: “Nasha Niva”

Belarusdagi umummilliy ish tashlash kunida 100 dan ortiq odam qo‘lga olindi. “Vesna” inson huquqlarini himoya qilish markazining ma’lum qilishicha, soat 13:10 holatiga ko‘ra, mamlakatda 103 kishi ushlangan. Qo‘lga olishlar asosan Minskda bo‘lib o‘tgan. Grodnodagi ertalab “Grodno Azot” korxonasi qarshisida norozilik aksiyasiga chiqqan kamida 32 kishi ushlangan. Shuningdek, Brest, Bosirov, Novopolsk va Mogilevda ham qo‘lga olish ishlari o‘tkazilgan.

Svetlana Tixanovskaya xususiy biznes, diniy hamjamiyatlar, madaniy, sport tashkilotlari va IT-kompaniyalarini ish tashlashga qo‘shilishga chaqirdi. “Axir davlat tashkilotlarida ish tashlash — bu iqtisodiy bosim richagi. Xususiy kompaniyalarning ish tashlashi esa — birdamlikni namoyon etish va ahamiyatsiz emas. Ish tashlashga qaror qilgan odamlar o‘z qarorlarida yolg‘iz emasliklarini ko‘rishi kerak”, — deydi Tixanovskaya.

Eslatib o‘tamiz, Belarusda 9-avgust kuni bo‘lib o‘tgan saylovlarni soxtalashtirish haqidagi ma’lumotlar fonida norozilik namoyishlari boshlandi va haligacha davom etmoqda. Namoyishchilar Lukashenkoni saylov natijalarini soxtalashtirishda ayblamoqda. Saylov natijalariga ko‘ra, Aleksandr Lukashenko 80 foiz ovoz to‘plagan.

Belarus Markaziy saylov komissiyasi ma’lumotlariga ko‘ra, Svetlana Tixanovskaya prezidentlik saylovida 10,1 foiz ovoz to‘plagan. Tixanovskayaning o‘zi esa mag‘lubiyatini tan olmadi va o‘zini “Belarus xalqi tomonidan saylangan yagona yetakchi” deb atadi. Saylovdan ikki kun o‘tgach Tixanovskaya Litvaga chiqib ketgan. Uning safdoshlari Tixanovskaya hukumat bosimi ostida mamlakatdan chiqib ketganini ma’lum qilgan.