AQShning SpaceX kosmik kompaniyasi Falcon 9 uzatkich-raketasi vositasida yana 60 ta Starlink sun’iy yo‘ldoshini koinotga uchirdi. Bu loyiha doirasidagi 15-parvoz, ayni vaqtda orbitada 900 ta Starlink sun’iy yo‘ldoshlari uchib yuribdi.

Foto: Cbsnews

Shuningdek, bu SpaceX’ning 100-muvaffaqiyatli parvoziga aylandi. Parvoz AQShdagi Kanaveral burnidagi NASA kosmodromidan amalga oshirilgan.

Unda 2020-yilda ikki marta parvoz amalga oshirilgan Falcon 9’ning birinchi raketa tashuvchisidan foydalanildi, sentabrda ham Starlink missiyasi parvozida ushbu raketa-tashuvchi ishlatilgandi. Qurilma Atlantika okeanidagi platformaga muvaffaqiyatli qaytgan.

Starlink bu — yangi avlod sun’iy yo‘ldoshlari tarmog‘i bo'lib, u orqali butun dunyoda keng miqyosli internet xizmatlarining ko‘rsatilishiga erishish ko‘zda tutilgan.

SpaceX orbitaga 12 mingta sun’iy yo‘ldosh joylashtirish, shundan so‘ng yana 30 mingtasi yordamida Yerning to‘liq yuzasini internet bilan ta’minlashni rejalashtirgan. Rejalarga ko‘ra, Shimoliy Amerika Starlink bilan 2020-yilning oxiriga qadar to‘liq qoplanadi, sayyoraning qolgan qismlarini koinotdagi internetga ulash esa 2021-yilda amalga oshiriladi.

SpaceX kompaniyasi Starlink loyihasini 2014-yildan buyon rivojlantirib kelmoqda — o‘shanda Ilon Mask birinchi bor butun dunyoni global sun’iy yo‘ldosh internet bilan birlashtirish borasidagi rejalari bilan bo‘lishgan. Hozirda beta-test dasturi AQShning shimoliy va Kanadaning janubiy qismi bilan chegaralangan.