Belarusda bo‘lib o‘tgan prezident saylovlarida Aleksandr Lukashenkoning asosiy raqibi bo‘lgan Svetlana Tixanovskaya 26-oktabr kuni mamlakatda umummilliy ish tashlash boshlanishini e’lon qildi, deb yozadi Meduza.

Foto: Reuters

“Rejim belaruslarga yana shuni ko‘rsatdiki, zo‘ravonlik — u qodir bo‘lgan yagona narsa ekan”, — deyiladi Tixanovskayaning Telegram kanalida e’lon qilingan murojaatda. “Olomon ichida va tug‘uruqxonalar derazalari tagida yorug‘lik va shovqin tarqatuvchi granatalarni portlatish — kuch emas”, — deb yozdi Tixanovskaya bu rejim Belarus xalqiga “munosib emasligi” va “o‘z kuchini yo‘qotayotgani”ni qo‘shimcha qilar ekan.

“26-oktabr kuni umummilliy ish tashlash boshlanadi. Belaruslar bu qadamni qo‘yadi, chunki ularning so‘zi — qonun. Bizni mahrum qilmoqchi bo‘lgan, ammo biz, albatta, qaytarib oladigan qonun. Bunda esa bizga asosiy qurolimiz — birdamlik yordam beradi”, — deb yozdi Tixanovskaya.

25-oktabr kuni Tixanovskaya e’lon qilgan “xalq ultimatumi”ning muddati tugadi. U Lukashenko iste’fo berishini, Belarusda tinch namoyishchilarga nisbatan zo‘ravonlik tugatilishini, siyosiy mahbuslar esa ozodlikka chiqarilishini talab qilgandi. Ultimatum shartlari bajarilmadi.

Minskda 25-oktabr kuni “Xalq ultimatumi” norozilik aksiyasi bo‘lib o‘tdi, u guvohlar hisob-kitoblariga ko‘ra, so‘nggi paytlardagi eng ko‘p odam ishtirok etgan namoyish bo‘lgan. Aksiya qatnashchilariga qarshi huquq-tartibot organlari xodimlari yorug‘lik va shovqin tarqatuvchi granatalar va rezina o‘qlar qo‘llagan. Jabrlanganlar va qo‘lga olinganlar borligi aytilmoqda.

Avvalroq Svetlana Tixanovskaya mamlakatda yangidan prezidentlik saylovlarini o‘tkazish yuzasidan muzokaralar shu yili boshlanishi, saylovlarning o‘zi esa yil oxirigacha o‘tkazilishi lozimligini bildirgan edi.

AQShning Minskdagi elchixonasi esa sobiq prezidentlikka nomzod Svetlana Tixanovskaya tomonidan Belarus hokimiyatiga qo‘yilgan ultimatum fonida respublikadagi AQSh fuqarolariga ommaviy harakatlarda qatnashmaslikni, shuningdek, kamida uch kunlik oziq-ovqat, suv va dori-darmon zaxirasini yaratishni tavsiya qildi.