Belarus prezidentligiga sobiq nomzod, muxolifat vakili Svetlana Tixanovskaya mamlakatda yangidan prezidentlik saylovlarini o‘tkazish yuzasidan muzokaralar shu yili boshlanishi, saylovlarning o‘zi esa yil oxirigacha o‘tkazilishi lozimligini bildirdi, deb yozmoqda “RIA Novosti”.

Foto: Reuters

Tixanovskaya Daniyaga ishchi tashrifi chog‘ida shunday mazmundagi bayonot bilan chiqish qilgan, unda u xorij davlatlarini ham saylovlar borasida muzokaralarda ko‘mak so‘ragan.

“YeXHT parlament assambleyasining vakillari bilan muhim uchrashuv o‘tkazildi. Unda mamlakatda yangi saylovlarning o‘tkazilishi lozimligi va boshqa xorij davlatlari ham bu boradagi muzokaralarda ishtirok etishi muhokama qilindi. Svetlana yangi saylovlar bo‘yicha muzokaralar 2020-yilda boshlanishi va siyosiy jarayonning o‘zi ham shu yili o‘tkazilishi kerakligini ta’kidladi”, – deyiladi Tixanovskaya axborot xizmatining Telegram kanalidagi bayonotda.

Tixanovskaya Daniya tashqi ishlar vaziri Yeppe Kofod bilan uchrashgan. Daniya vakili fuqarolik jamiyatini qo‘llab-quvvatlash uchun “Yangi demokratiya fondi” tashkil qilinishi va u Belarusga ham yordam ko‘rsatishini aytib o‘tgan.

Bundan tashqari, Tixanovskaya Daniya bosh vaziri Mette Frederiksen bilan ham uchrashgan. Uchrashuv davomida Belarus muxolifati vakili mamlakatda o‘tish davrini boshlash vaqti kelgani, bu borada islohotlar o‘tkazish zarurligini qayd etgan.

Shuningdek, Daniyada Tixanovskaya nodavlat gumanitar tashkilotlar vakillari, Daniya va Yevropaning kasaba uyushmalari harakati a’zolari bilan ham uchrashgan.

Eslatib o‘tamiz, Belarusda 9-avgust kuni bo‘lib o‘tgan saylovlarni soxtalashtirish haqidagi ma’lumotlar fonida norozilik namoyishlari boshlandi va haligacha davom etmoqda. Namoyishchilar Lukashenkoni saylov natijalarini soxtalashtirishda ayblamoqda. Saylov natijalariga ko‘ra, Aleksandr Lukashenko 80 foiz ovoz to‘plagan.

Belarus Markaziy saylov komissiyasi ma’lumotlariga ko‘ra, Svetlana Tixanovskaya prezidentlik saylovida 10,1 foiz ovoz to‘plagan. Tixanovskayaning o‘zi esa mag‘lubiyatini tan olmadi va o‘zini “Belarus xalqi tomonidan saylangan yagona yetakchi” deb atadi. Saylovdan ikki kun o‘tgach Tixanovskaya Litvaga chiqib ketgan. Uning safdoshlari Tixanovskaya hukumat bosimi ostida mamlakatdan chiqib ketganini ma’lum qilgan.

Sobiq prezidentlikka nomzod Svetlana Tixanovskayaning tarafdorlari 18-avgust kuni yangi saylovlar o‘tkazish orqali mamlakatda hokimiyatni tranzit qilish maqsadida Muvofiqlashtiruvchi kengash tuzdi. Belarus bosh prokurori Aleksandr Konyukning ta’kidlashicha, Muvofiqlashtiruvchi kengash faoliyati konstitutsiyaga qarshi va hokimiyatni qo‘lga olishga qaratilgan.

Kengashning tashkil etilishi munosabati bilan Jinoyat kodeksining 361-moddasi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, uning doirasida Muvofiqlashtiruvchi kengashning bir nechta vakillari hibsga olingan.

Belarus prezidenti Aleksandr Lukashenko 10-oktabr kuni Davlat xavfsizlik qo‘mitasi tergov hibsxonasida Muvofiqlashtiruvchi kengash va muxolifatning qo‘shma shtabining hibsga olingan vakillari bilan uchrashdi. Keyinchalik Belarus hukumati Svetlana va Sergey Tixanovskiyga 134 kun ichida birinchi marta suhbatlashishiga ruxsat etdi, 13-oktabrda Tixanovskayaning Belarus hukumatiga “xalq ultimatum”ini e’lon qilgani haqida xabar berildi. Muxolifat yetakchisi amaldagi prezidentga o‘ylab ko‘rish uchun 25-oktabrgacha muhlat bergan. Agar Lukashenko o‘z lavozimini tark etmasa, 26-oktabr kuni mamlakatda xalq qo‘zg‘oloni ko‘tariladi va hukumatga qarshi harakatlar boshlanadi.

21-oktabrda Svetlana Tixanovskaya belaruslardan 26-oktabrda ishga, o‘qishga chiqmaslikni so‘ragan va xalq qo‘zg‘olonini qo‘llab-quvvatlaganlar uchun kafil bo‘lishga tayyorligini bildirgan.