Chexiya hukumati butun mamlakat bo‘ylab har kuni soat 21:00 dan ertalab 5:00 gacha komendantlik soati joriy qilishga qaror qildi, deb xabar bermoqda “Interfaks”. Yevropa OAVlarining ma’lum qilishicha, COVID-19 tarqalishining oldini olish bo‘yicha boshqa choralar kutilgan natijalarni bermagan.

Foto: Getty Images

Mamlakatda avval ham virusni oldini olish uchun maxsus xavfsizlik choralari joriy etilgan, lekin hukumat ularning samara bermaganini tan olgan va 28-oktabrdan boshlab komendantlik soati joriy qilishga qaror qilgan. Chexiyada jami 163 mingga yaqin bemor COVID-19’dan davolanmoqda.

Bundan tashqari, 5,6 mingdan ortiq kishi kasalxonaga yotqizilgan va ularning 800 nafari og‘ir ahvolda. Chexiyada pandemiya boshlanganidan beri 2365 kishi koronavirus oqibatida vafot etdi.

Chexiyada 5-oktabrdan COVID-19 bilan bog‘liq vaziyatning yomonlashuvi sababli 30 kunga favqulodda holat rejimi joriy qilingandi.

Mamlakat Sog‘liqni saqlash vazirligi infeksiyaning yuqori darajasi bir-ikki hafta davomida saqlanib qoladi va keyinchalik qat’iy cheklov choralari tufayli kamayadi, deb hisoblaydi. Mutaxassislarning fikricha, agar chora-tadbirlar natija bermasa, oy oxiriga borib kasallanganlar soni chorak millionga yetishi mumkin.