Marhum ijodkorlarning zurriyotlari nimalar bilan shug‘ullanayotgani barcha uchun qiziq. Jurnalist Nargiza Murodova marhum san’atkorlarning farzandlari bilan bog‘lanib, ularni suhbatga tortdi.

Foto: “Daryo”

42 yoshida bu foniy dunyoni tark  etgan xonanda Shahnozabonuning yolg‘izgina qizi bor. Umidaxon Yuldosheva onasining tavsiyasiga ko‘ra sartaroshlik kasbini tanlagan. Umidaxon 2017-yili oila qurdi va hozirda Amirbek ismli shiringina o‘g‘ilchasining tarbiyasi bilan shug‘ullanmoqda.

Foto: Instagram / @umidabonu_yuldasheva

Foto: Instagram / @umidabonu_yuldasheva

Uzoq yillar saraton xastaligi bilan kurashib, 46 yoshida vafot etgan xonanda Aziza Niyozmetova o‘z intervyularida 6 farzandning onasi ekanligini va ularning to‘rttasini o‘zi dunyoga keltirganini aytardi. Xonandaning to‘ng‘ich farzandlari Nilufar va Miraziz Nazariylar ancha ulg‘ayib qolgan va hali voyaga yetmagan singillariga g‘amxo‘rlik qiladi. Ular onasining o‘limidan keyin tadbirkorlik ishlarini davom ettirishga astoydil bel bog‘ladi. Ular yangi uylar qurish va sotish bilan shug‘ullanadi.

Foto: Instagram / @aziza_niyozmetova

Foto: Instagram / @aziza_niyozmetova

O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artist Abdurayim Abduvahobov rafiqasi Gulnora opa bilan uch farzandni voyaga yetkazdi. Katta o‘g‘li Abduqahhor “O‘zbekfilm”da faoliyat yuritadi.  Kichik o‘g‘li Abdujabbor esa “Obodonlashtirish bosh boshqarmasi”da muhandis bo‘lib ishlaydi. Qizi Dildoraxon esa farzandlar tarbiyasi bilan band.

Foto: Instagram / #abdurayimabduvahobov

“Nihol” nomidagi davlat mukofoti sovrindori, mumtoz qo‘shiqchi Abror Parpiyevning Abzalxon, Aspiyo va Muboshshirxon ismli o‘g‘illari bor. Abzalxon  an’anaviy xonandalik bo‘yicha,  Aspiyo esa aktyorlik mahorati bo‘yicha saboq olmoqda. Muboshshirxon esa hozircha maktab o‘quvchisi.

Foto: Abror Parpiyevning shaxsiy arxividan

Foto: Abror Parpiyevning shaxsiy arxividan

O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artist, marhum ijodkor Fathulla Ma’sudovdan ham uch farzand qoldi. To‘ng‘ich farzandi Gulnoza savdo-sotiq sohasida faoliyat yuritadi. O‘g‘li Ulug‘bek (Habibulloh) esa bir necha yildan buyon kichik tadbirkorlik bilan shug‘ullanadi. Kenjatoyi Abdulloh esa O‘zbek Milliy akademik drama teatri aktyori sifatida faoliyat yuritadi.

Foto: Fathulla Mas’udov oila a’zolarining shaxsiy arxividan

Foto: Fathulla Mas’udov oila a’zolarining shaxsiy arxividan

“Charxpalak” seriali bilan barchaga yaxshi tanish bo‘lgan aktyor Zokir O‘rmonov ham saraton xastaligi tufayli vafot etgan. Undan Muhammadjon va Samir ismli o‘g‘illar qoldi. Yaqindagina 20 yoshni qarshilagan katta o‘g‘li Muhammadjon Rossiyadagi nufuzli oliygohlardan biriga o‘qishga qabul qilindi. Kichik o‘g‘li Samir esa bu yil maktabni tamomlaydi.

Foto: Zokir O‘rmonovning shaxsiy arxividan

“Yodgor” filmi orqali minglab tomoshabinlar mehrini qozongan aktyor Alisher Hamroyevning ham ikki nafar farzandi bor. Ayni kunlarda Madina ingliz tilini o‘rganib, xalqaro jurnalist bo‘lishni orzu qiladi. Boisi otasi o‘limidan avval “Ukang elchi, sen esa jurnalist bo‘lishingni istayman”, degan ekan. Aktyorning o‘g‘li Iskandar esa maktab o‘quvchisi. Kelajakda dadasidek aktyor bo‘lishni va rollar ijro etishni orzu qiladi.

Foto: Alisher Hamroyev oila a’zolarining shaxsiy arxividan

Foto: Alisher Hamroyev oila a’zolarining shaxsiy arxividan