Belarus prezidenti Aleksandr Lukashenkoning ma’lum qilishicha, mamlakatdagi namoyishlar tashkilotchilari “rangli inqiloblar qo‘llanmasi bo‘yicha” yetti-sakkiz bosqichdan o‘tgan. Bu haqda “Interfaks” xabar berdi.

Foto: EPA

Lukashenkoning so‘zlariga ko‘ra, namoyishchilari radikallashgan hamda hukumatga qarshi “axborot urushi emas, balki terroristik urush boshlagan”.

“Keyingi bosqich — radikallashish. U yuz bermoqda. Bizga qarshi axborot urushi emas, balki alohida yo‘nalishlarda terroristik hujum boshlangan. Biz buning oldini olishimiz kerak”, — deya ma’lum qilgan Belarus yetakchisi.

“Polsha va Litvadan amalga oshirilgan ultimatum va ish tashlash haqidagi chaqiruvlar munosabati bilan hech kimni, na ishchilarni, na talabalarni, na shifokorlarni, na o‘qituvchilarni, na davlat xizmatchilarini og‘dirish kerak emas. Hozir shunday paytki, har kim hayotida o‘zi ketadigan yo‘lni o‘zi tanlashi kerak”, — deya ta’kidlagan Lukashenko.

“Ular qayerda yashashni, qanday yashashni o‘zlari aniqlab olsin”, — deya qo‘shimcha qilgan Lukashenko.

Belarus hukumatiga ultimatum muxolifat yetakchisi Svetlana Tixanovskaya tomonidan e’lon qilingan. Ultimatumga ko‘ra, agar 16-oktabrgacha muxolifatning barcha talablari bajarilmasa, Tixanovskaya umummilliy ish tashlashga chaqirishini ma’lum qilgan. Namoyishchilar Lukashenkoning iste’fosini, yangi prezidentlik saylovi o‘tkazilishini va siyosiy mahkumlar ozod etilishini talab qilmoqda.