O‘zbekistonda 2020-yilning 1-oktabridan boshlab to‘yxonalar faoliyatiga ruxsat etilgan. Bu haqda AOKA huzuridagi shtabda tashkil etilgan brifingda Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik agentligi direktorining birinchi o‘rinbosari, Sog‘liqni saqlash vazirligi huzuridagi Koronavirusga qarshi kurash shtabi a’zosi Botir Qurbonov ma’lum qildi.

Botir Qurbonov.

Kadr: UzReport

“Koronavirus infeksiyasining kirib kelishi va tarqalib ketishini oldini olish bo‘yicha Respublika Maxsus komissiyasining 2020-yil 30-sentabrdagi yig‘ilish bayoniga asosan karantin choralarini yumshatish munosabati bilan 1-oktabrdan to‘yxonalar faoliyatiga ruxsat etilgan”, — dedi Botir Qurbonov. Uning ta’kidlashicha, bunda “barcha imkoniyatlarni ishga solgan holda 100-200 kishiga emas, chegaralangan holda 30 kishiga uy sharoitida qilingan to‘yni to‘yxonalarda o‘tkazishga ruxsat berilgan”.

“Unda yaqin qarindoshlari, uzoq tumanlar yoki boshqa hududlardan mehmon chaqirilmagan holda yaqin qarindoshlari ishtirokida to‘yxonalarda tug‘ilgan kun, to‘y, ma’raka va boshqa marosimlarni o‘tkazishga ruxsat berildi. Uniyam uzoq yarim tungacha emas, koronavirus infeksiyasining aholi o‘rtasida tarqalib ketishining oldini olish maqsadida chegaralangan vaqtda ruxsat etildi”, — dedi u, biroq “chegaralangan vaqt” aynan qaysi vaqt oralig‘ini qamrab olishiga aniqlik kiritmadi.

O‘zbekistonda koronavirus pandemiyasi sababli 23-martdan 1-iyungacha, shuningdek, 10-iyuldan 15-avgustgacha to‘y va boshqa oilaviy marosimlarni o‘tkazish taqiqlangan edi. 15-avgustdan boshlab oilaviy tantana, to‘y, ma’raka va marosimlarni fuqarolarning uy-joyi va hovlisining o‘zida 30 kishidan ko‘p bo‘lmagan (faqat yaqin qarindoshlar va ushbu tuman hududida istiqomat qiluvchi boshqa qarindoshlar) hamda sanitariya va gigiyena talablariga qat’iy rioya etgan holda o‘tkazishga ruxsat berilgan.

Respublika maxsus komissiyasining 5-sentabrdagi qarorida, jumladan, to‘yxonalar faoliyatiga taqiq saqlanib qolishi ko‘rsatib o‘tilgan edi. Jumladan, SSV huzuridagi shtab a’zosi Rustam Ikromov, agar vaziyat o‘zgarmasa, to‘ylarni o‘tkazish bilan bog‘liq tartib sentabr oyida o‘zgarishsiz qolishini ma’lum qilgan edi. Respublika maxsus komissiyasining 30-sentabr kuni bo‘lib o‘tgan yig‘ilishi, unda 1-oktabrdan to‘yxonalarda to‘y o‘tkazishga ruxsat berish haqida qaror chiqarilgani haqida shu vaqtgacha biror rasmiy manbada to‘liq axborot berilmagan edi.

Qayd etish joiz, sentabr oyida bir qator mashhur shaxslar o‘z to‘ylarini uydan tashqaridagi maskanlarda (xususan, Tashkent City’dagi restoranda) o‘tkazgani muhokamalarga sabab bo‘lgan edi.