O‘zbek kinosining oltin fondidan munosib joy olgan “Suyunchi” filmi 38 yildan buyon ekranlardan tushmay kelmoqda. Tomoshabinlar uchun hamon sevimli hisoblangan kartina aktyorlarining hayoti va faoliyati doimo ko‘pchilikni qiziqtiradi. Ayniqsa, filmda Nazira rolini talqin qilgan Shahnoza Shamsiyeva (Hamroyeva)ning taqdiri millionlab kino muxlislarda turli savollarni uyg‘otishi shubhasiz. 1997-yildan beri Afrika qit’asidagi Zambiya Respublikasida istiqomat qilayotgan Shahnoza Shamsiyeva bugun, 28-oktabr kuni 57 yoshini qarshilamoqda. Mirolim Isajonov uyushtirgan quyidagi intervyu birinchi marta 2019-noyabrida “Kun.uz” saytida e’lon qilingan, aktrisaning tavallud kuni munosabati bilan bu suhbat ayrim to‘ldirishlar bilan “Daryo”da takror e’lon qilinmoqda.

Foto: Shahnoza Shamsiyevaning shaxsiy arxividan

“Dadamni bir amallab ko‘ndirishgan”

“Suyunchi”da rol o‘ynashim tasodifan yuz bergan. O‘shanda 17 yoshda edim. Ukam Ulug‘bek Hamroyev filmlarda rollar o‘ynab yurardi va u pasport yoshiga yetmaganligi bois gonorarlari mening nomimga yozilardi. Bir kuni odatdagidek Ulug‘bekning pulini olish uchun “O‘zbekfilm”ga bordim. Kutish zalida tursam, bir erkak kishi menga qaradi va “Bu menga nega bunchalik tikilib qoldi”, deya ensamni qotirib, orqaga o‘girildim. Keyin bilsam, ular mashhur rejissor Melis Abzalov ekan. Qisqa suhbatimiz mobaynida anchadan beri Nazira roliga mos keladigan aktrisa qidirib topolmayotgani va meni shu rolga munosib ko‘rganini ta’kidlagan. Uyga borib otamni Melis akaning taklifidan boxabar qilganimda qat’iy rad etgan. Oradan ma’lum vaqt o‘tib, buvim va Melis Abzalov birgalikda bir amallab dadamning roziligini olishgan”.

Foto: Shahnoza Shamsiyevaning shaxsiy arxividan

“Ana Nazira, uf-uf, choy”, deyishardi”

“Kamera qarshisida turib, birinchi marta gapirganim tufayli boshida bu holat menga qiziq tuyulgan. Lekin sira qiyinchiliklar bo‘lmagan, ishtirokimdagi kadrlar oson tasvirga tushirilgan. Faqat Naziraning qoshiga o‘sma qo‘yadigan sahna bir necha marta dubl qilingan. Chunki qoshimni xunuk chiqib qolishni xohlamaganman. Melis aka “Aytganimdek o‘sma qo‘ysang yanada kulgiliroq va qiziqarli chiqadi”, deya meni ko‘ndirgan. Nazira roli uchun 700 so‘m atrofida gonorar olganman. U paytlarda bu katta pul edi.

Film ommaga havola qilinganidan so‘ng ko‘cha-ko‘yda ko‘pchilik tanirdi. “Ana Nazira, uf-uf, choy”, deyishardi. Har safar Toshkentga borganimda ham yurtdoshlarimiz orasida meni taniydiganlar topiladi”.

Foto: Shahnoza Shamsiyevaning shaxsiy arxividan

“Zaynab Sadriyeva bilan bir xonada yashaganman”

“Bilasizmi, epizod rol orqali tomoshabinlarning tiliga tushishni tasavvur qilmaganman. Balki, u paytlarda yosh bo‘lganim uchunmi yoki mashhurlikka qiziqmaganmanmi, bilmadim... Haligacha ijrom haqida iliq fikrlar aytishsa, quvonaman.

Filmni internet orqali ko‘rganimda yoshlik paytlarim, o‘quvchilik davrlarim yodimga tushadi. Kino Toshkent viloyatidagi qishloqlarning birida suratga olingan. Syomka jarayonlari yakuniga qadar ustoz san’atkor Zaynab Sadriyeva bilan bir xonada yashaganman. Ular o‘z nabirasidek yaqin olib, ham hayotiy, ham san’atga oid maslahatlar berardi. Qattiqqo‘l, tartib-intizomli ayol sifatida xotiramda qolgan. Tasvirga olishda qiziqarli voqealar ko‘p bo‘lgan. Yaqinda Abdurayim Abduvahobovning vafoti haqidagi shumxabarni o‘qib, suratga olish paytidagi xotiralar yana ko‘z oldimda jonlandi. Abdurayim hindcha qo‘shiqlar kuylab, bizni rosa kuldirardi. Afsuski, kartinadagi aktyorlarning hech qaysisi bilan hozirgacha aloqamiz yo‘q. Abdurayim bilan ham yigirma yil avval ko‘rishgandim”.

Foto: Shahnoza Shamsiyevaning shaxsiy arxividan

“Afrikada shifokor bo‘lib ishlayman”

“Suyunchi”dan keyin ko‘plab filmlarga takliflar bo‘lgan. Lekin dadam ruxsat bermagan. “Kelinlar qo‘zg‘oloni”dagi Nigorani ham menga topshirmoqchi bo‘lishganida otam ko‘nmagan. O‘zimda san’atga qiziqish kuchli bo‘lsa-da, ammo uydagilarning qarshiligi sabab rosa ikkilanganman va oxiri o‘qishimni ustun bildim. Ota-onam xohlagandek, bolalar shifokori bo‘ldim. Toshkent pediatriya institutini tamomlagach, Toshkent shahridagi 1-bolalar shifoxonasida ishladim. Bir necha yil tibbiyot kollejida o‘quvchilarga dars berdim. Keyin, ya’ni 1997-yilning aprelida turmush o‘rtog‘im ikkimiz Zambiyaga kelishga qaror qildik. Hozir shifoxonalardan birida pediatr bo‘lib ishlayman. Bu yerda ko‘plab o‘zbekistonlik oilalar bor. Barchamizning munosabatlarimiz juda iliq, tez-tez yig‘ilib turamiz.

Zambiya tez rivojlanayotgan respublika hisoblanadi. Biz yashaydigan Livingston ham juda chiroyli va turistik shahar. Bu yerda Viktoriya sharsharasi ham joylashgan. Xonadonimizga O‘zbekistondan keladigan mehmonlar “Biz Afrikani bunday tasavvur qilmagandik, yayrab dam oldik”, deya hayratlanib fikr bildirishadi”.

Foto: Shahnoza Shamsiyevaning shaxsiy arxividan

Shaxsiy hayot

“San’atkorlar sulolasi vakiliman. Dadam Narimon Hamroyev asli namanganlik bo‘lib, mashhur aktyor Razzoq Hamroyevning o‘g‘li bo‘ladi. Onam Muhabbatxon aya esa buxorolik. Hozir 79 yoshda, keksalik gashtini suryapti. Oilada ikki farzandmiz: men va ukam. Ulug‘bek bugungi kunda Rossiyada kinooperator sifatida faoliyat yuritadi.

Shaxsiy hayotimga to‘xtaladigan bo‘lsam, umr yo‘ldoshim bilan kasbdoshmiz. Uch nafar farzandimiz, olti nafar nevaramiz bor. To‘ng‘ich o‘g‘lim Sherzod oilasi bilan Fransiyada yashaydi. Qizim Rayhonni ham uzatganman, u Zambiyada istiqomat qiladi. Kenjam Shuhrat esa Janubiy Afrikadagi oliygohlarning birida tahsil oladi.

O‘zbekistonga oxirgi marta shu yilning boshida borib keldim. Men ona Vatanimdan olisda bo‘lsam-da, hamisha qalban o‘zbekistonlikman. O‘zbekcha gapirish va o‘zbekona urf-odatlarimizni hech qachon unutmaganman”.