Starlink internetini sinovdan o‘tkazayotganlar Starlink Team’dan sun’iy yo‘ldosh interneti va buyurtmalarni berish imkoniyatiga oid batafsil ma’lumotlar yozilgan rasmiy xatlarni oldi. Bu haqda Reddit tarmog‘iga tayanib, Spot xabar berdi.

Foto: Habr

Xatlar “Better Than Nothing Beta” sarlavhasi (yo‘qdan ko‘ra, yaxshiroq) bilan boshlangan. Shu orqali jamoa testdan o‘tkazayotgan insonlarning tarmoqlardagi norasmiy ma’lumotlar asosida shakllangan tasavvurlaridagi kutilgan natijani pasaytirishga uringan.

Xabarga ko‘ra, beta-test jarayonida Starlink interneti 50 Mbit/soniyadan 150 Mbit/soniyagacha tezlikda ishlaydi, kechikish vaqti esa 20-40 millisoniyani tashkil etadi. Shu bilan birga, testdan o‘tkazayotganlar internet umuman bo‘lmasligi holatlaridan ham ogohlantirilgan.

Starlink jamoasining ma’lum qilishicha, yangi sun’iy yo‘ldoshlarning uchirilishi yerdagi yangi stansiyalarning ishga tushirilishi hamda dasturiy ta’minot ustidagi ishlar sabab internet yaxshiroq ishlay boshlaydi. Xususan, 2021-yilning yoziga borib kechikish vaqtida 16-19 millisoniya darajasiga tushadi.

Xabarda ta’kidlanishicha, Starlink qiruvchi samolyotlarga o‘rnatilganidan yaxshiroq “FAR” antennalarini sotuvga chiqaradi. U bilan birga Wi-Fi routerni o‘rnatishga mo‘ljallangan shtativ ham yetkazib beriladi. Qurilma jamlanmasi 499 dollarni tashkil etadi, bir oylik obuna esa 99 dollar.

Avvalroq AQShning SpaceX kosmik kompaniyasi Falcon 9 uzatkich-raketasi vositasida yana 60 ta Starlink sun’iy yo‘ldoshini koinotga uchirgani to‘g‘risida xabar berilgandi. Bu loyiha doirasidagi 15-parvoz, ayni vaqtda orbitada 900 ta Starlink sun’iy yo‘ldoshlari uchib yuribdi.