Ijtimoiy tarmoqlarning o‘zbek segmentida turli radikal, diniy ekstremistik va islom diniga yot g‘oyalarni targ‘ib qiluvchi ma’lumotlar tarqalmoqda. O‘zbekiston Ichki ishlar vazirligi bu mazmundagi ma’lumotlarni tarqatish jinoiy javobgarlikka sabab bo‘lishidan ogohlantirdi.

Foto: “Daryo”

Vazirlik tomonidan ta’kidlanishicha, turli radikal, diniy ekstremistik va islom diniga yot bo‘lgan g‘oyalarni targ‘ib qiluvchi ma’lumotlarni tayyorlash, saqlash va tarqatish O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 156-moddasi (milliy, irqiy, etnik yoki diniy adovat qo‘zg‘atish), 244 prim 3-moddasida (diniy mazmundagi materiallarni qonunga xilof ravishda tayyorlash, saqlash, olib kirish yoki tarqatish) belgilangan javobgarlikka tortilishiga sabab bo‘ladi.

“Yuqoridagilarni inobatga olgan holda ijtimoiy tarmoq foydalanuvchilarini (jurnalist, bloger va fuqarolar) omma e’tiboriga havola qilinayotgan ma’lumotlarni avvalo qonunga xilof emasligini o‘rganib chiqishingizni so‘raymiz”, — deyiladi IIV xabarida.

Avvalroq O‘zbekiston musulmonlari idorasi Muhammad (s.a.v) haqidagi karikatura atrofida yuzaga kelgan bahslarga munosabat bildirgandi hamda bunday holatda hissiyotga berilmasdan, haqoratlardan tiyilishga va muammoning yaxshi yechimini izlashga chaqirgan.

Eslatib o‘tamiz, Fransiyada tarix fani o‘qituvchisi o‘quvchilarga Charlie Hebdo nashri tomonidan chop etilgan Payg‘ambar Muhammad (s.a.v.)ning karikatura suratini ko‘rsatgan. Shundan so‘ng o‘qituvchi chechenistonlik muhojir tomonidan o‘ldirilgan. Bu voqea Fransiyada keng jamoatchilikning muhokamasiga sabab bo‘ldi. O‘ldirilgan o‘qituvchi bilan vidolashish marosimida Fransiya prezidenti Emmanuel Makron mamlakat so‘z erkinligidan, jumladan karikatura borasidagi erkinlikdan voz kechmasligini ma’lum qilgan. Fransiya prezidentining mazkur bayonoti ortidan Yaqin Sharqdagi ba’zi mamlakatlarda Fransiyada ishlab chiqarilgan mahsulotlarni boykot qilish boshlandi.