Prezident Shavkat Mirziyoyev “Yashirin iqtisodiyotni qisqartirish va soliq organlari faoliyati samaradorligini oshirish bo‘yicha tashkiliy chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi farmonni imzolagani to‘g‘risida xabar berilgandi. Spot mazkur farmon loyihasi va uning imzolangan versiyasini taqqoslab ko‘rib, undan bir nechta band, jumladan, jismoniy shaxslarga o‘zini o‘zi band qilish uchun yo‘lovchilarni tashishga ruxsat berish to‘g‘risidagi band joy olmaganini ma’lum qildi.

Foto: “Daryo”

Shunday qilib, yo‘lovchilarni tashish huquqiga oldingidek faqatgina yuridik shaxslar ega. Ushbu sohaga jismoniy shaxslarni jalb etish taklifi bir necha yildan buyon rad etib kelinmoqda.

2017-yilning dekabrida taksichilarga patent asosida ishlashga ruxsat berilishi mumkinligi rejalashtirilgan edi, biroq natijada bundan voz kechildi.

“Shubhasiz, ushbu xizmat patentlashga muhtoj, biroq hozirda vaziyatga aql bilan baho beradigan bo‘lsak, bu kabi o‘zgarishga 2018-yilda tayyor emasmiz”, — degan edi moliya vaziri Ahadbek Haydarov.

2018-yilda e’lon qilingan Prezident farmoni loyihasida yakka tadbirkorlarga taksi xizmatini ko‘rsatishga ruxsat berish taklif etilgandi, biroq imzolangan farmondan mazkur band o‘rin olmagan.

“Ushbu yo‘nalishdagi ishlar davom etmoqda”, — deyilgandi Adliya vazirligi xabarida.

2019-yilda jismoniy shaxslarning elektron platforma orqali operatorlar bilan shartnoma tuzish sharti bilan yakka tadbirkor sifatida taksi xizmatlarini ko‘rsatishiga ruxsat berishni ko‘zda tutuvchi Prezident qarori loyihasi e’lon qilingandi. Bu kabi band, shuningdek, Prezidentning 2020-yil uchun Davlat dasturi qaroridan ham o‘rin olgandi.

2019-yil holatiga ko‘ra, Toshkentda 5 mingdan ortiq qonuniy taksi xizmati bor. Shahar aholisi u vaqtda 2,5 million kishi bo‘lgani inobatga olinsa, har ming kishiga 2,1 ta qonuniy taksi avtomobili to‘g‘ri kelgan.

Taqqoslash uchun, Parijda har ming kishi boshiga 7,7 ta avtomobil, Nyu-Yorkda — 6,7, Moskvada — 4,5, Londonda — 9,9 hamda Dehlida — 3,2 ta to‘g‘ri keladi. Shu sababli shaharda qonuniy taksilarning yetishmasligi mavjud.

Ekspertlarning hisoblashcha, jismoniy shaxslarning odam tashishiga ruxsat berilsa, qonuniy taksilar soni va budjetga tushadigan mablag‘lar soni ortadi.

Turli hisob-kitoblarga ko‘ra, Toshkent shahrining o‘zida har kuni 15 mingdan ortiq litsenziyasiz haydovchi taksichilik bilan shug‘ullanadi, davlat har yili trillionlab so‘m mablag‘ yo‘qotmoqda, o‘n minglab odamlar esa o‘zlarini pensiya umididan mosuvo qilib, “soyada” ishlashga majbur.

Eslatib o‘tamiz, Shavkat Mirziyoyev ishtirokida 2020-yil 19-may kuni o‘tkazilgan yig‘ilishda o‘zini o‘zi band qilayotgan, kasb-hunari bor odamlarga munosib sharoit yaratish maqsadida yangi tizim joriy etilishi belgilangandi. Yig‘ilishda Prezident tomonidan taksi haydovchilari ham daromad solig‘idan ozod etilishi qayd etib o‘tilgandi. Biroq iyun boshlaridan o‘zini o‘zi band qilgan shaxslar shug‘ullanishi mumkin bo‘lgan faoliyat turlari ko‘paygan, lekin ular orasida Prezident aytgan taksichilar yo‘q edi.