Porsche kompaniyasi Dubaydagi 829 metrli Burj-Xalifa osmono‘par binosini ulkan raqamli reklama banneriga aylantirdi. 33 ming kvadrat metr joyda firma Taycan elektromobillari savdosi boshlanishi taqdimotini o‘tkazgan, deb xabar beradi Motor.

Kadr: YouTube

Dunyodagi eng baland binoni raqamli reklama banneriga aylantirish uchun Porsche muhandislari milliondan ortiq yorug‘lik diod lampalaridan foydalangan. Barcha elementlar yagona tizimga birlashtirilib, mutaxassislar oldindan tayyorlangan videolarni Burj-Xalifa fasadida namoyish etgan.

Taqdimot ekranning pirpirashidan boshlangan va qo‘qqisdan bino bir necha soniyaga “o‘chib qolgan”. Shundan so‘ng Burj-Xalifaga “yashin urib”, osmono‘par bino akkumulyator batareyalari kabi quvvatlana boshlagan. Bino fasadidagi navbatdagi kartinadan “Har qanday Porsche’ning qalbi bor” yozuvi paydo bo‘lgan. Undan keyin bino kompaniyaning bir nechta modellarini, jumladan, 356, 911, 918 Spyder va 919 Hybrid’lar taqdimotini o‘tkazgan.

Taqdimot “Porsche qalbiga ega ilk to‘liq elektrli sport avtomobiliga tayyor turing” yozuvi bilan yakunlangan. Ma’lum bo‘lishicha, mazkur yorug‘lik shou Taycan 3S, Turbo va Turbo S elektromobillarining BAAdagi savdosi boshlanishiga bag‘ishlangan. Reklama kampaniyasining yakunida Burj-Xalifa Porsche’ning ulkan logotipiga aylangan.

Ma’lumot uchun, Taycan oilasiga kiruvchi eng kuchli modifikatsiyaga Turbo S modeli ega bo‘lib, unga 93,4 kilovatt-soat sig‘imli akkumulyator batareyasi va ikkita elektromotor o‘rnatilgan. Ular birgalikda 751 ot kuchini taqdim etishga qodir. Elektrokupe soatiga 100 kilometr tezlikka 2,8 soniyada erisha oladi, maksimal tezligi — 260 km/soat.