A’lo Rahimova bir paytlar “Andijon” va “Otmagay tong” qo‘shiqlari bilan xalq mehrini qozongandi. Uzoq yillik tanaffus va boshiga  tushgan og‘ir musibatlar uni ijoddan uzoqlashtirdi. Xususan, turmush o‘rtog‘i, mahoratli suxandon Rahmatilla Mirzayevning vahshiylarcha o‘ldirilishi unga juda og‘ir zarba bo‘lib qoldi. Hamkasblarining fikricha, hayotidagi o‘zgarishlar uning kuchli depressiya holatiga tushishiga sabab bo‘lgan. Jurnalist Nargiza Murodova xonanda bilan muloqotga kirishib, san’atdan ketishi va depressiyadan qanday qutilgani haqida suhbatlashdi.

Foto: A’lo Rahimovaning shaxsiy arxividan

— O‘z farzandi sabab vahshiylarcha o‘ldirilish... Rosti, mashhur suxandon hayoti bunday yakun topishini hech kim kutmagandi?

— Singlim, bu haqida gapirishni istamayman. Bu savollar meni juda charchatgan, bundan tashqari, ota-onam ko‘zing bilan ko‘rmagan narsaga ishonma deb o‘rgatishgan. Mana oradan necha yil o‘tdi, voqeaga aloqador insonlar qonuniy jazo olishdi, ammo menda hamon ikkilanish bor.  Xalq orasida “A’loning o‘g‘li shunday qilibdi”, degan gaplar ham tarqaldi. Ammo Yaratgan menga yolg‘iz qizni in’om etgan, u oilaga mening aloqam yo‘q. Boshimizga tushgan voqealardan keyin har xil gap so‘zlar tarqaldi, bilib-bilmay og‘ziga kelganini gapirganlar ham bo‘ldi. Ammo hammasi yolg‘iz Allohga ayon. Ammo bir narsani ochiq aytolaman, turmush o‘rtog‘imning o‘limidan keyin oyoqqa turolmayman, telba bo‘lib qolsam kerak, deb o‘ylagandim. Boisi bir necha oygacha u inson ko‘z oldimdan ketmagandi. Qayerga borsam ko‘zimga ko‘rinardi. Yaqinlarimning yordami va turmush o‘rtog‘imning yaqin do‘stlaridan biri – Obid Asomovning qo‘llab-quvvatlashi bilan o‘zimga keldim. Qizim uchun oyoqqa turishim kerak, degan birgina kuch meni hayotga qaytardi.

Foto: Instagram / @aloraximova

— Ijodingiz avj nuqtaga yaqinlashay deganda san’atni tark etdingiz... Bu kimning tanlovi edi?

— Er kishiga birmuncha oson. Oilaning moddiy ehtiyojini ta’minlasa va farzandlarni nazorat qilib tursa bas. Ammo ayol ish bilan birga, bolasining salomatligi, ro‘zg‘orining kam-ko‘sti, qarindosh-urug‘ bilan bordi-keldini ham nazorat qilib turishi kerak. Ayolning oiladagi o‘rnini hech nima bilan o‘lchab bo‘lmaydi. Qizim tug‘ilgach uni yaxshi parvarish qilishim kerakligini tushundim. Avvaliga yaqinlarimning yordamiga suyandim, ammo uyning gapi ko‘chaga to‘g‘ri kelmagach qiynaldim. Shunda turmush o‘rtog‘im rahmatli “Topadigan pulingni men beray, bolaga qarab uyda o‘tir”, degandi.

— Eshitishimizcha, san’atdan ketishingizga turmush o‘rtog‘ingizning rashki ham sabab bo‘lgan ekan?

—Men sevish va sevilish baxti nasib etgan ayolman. Muhabbat ham rashk bilan go‘zal. To‘g‘ri, turmush o‘rtog‘im nihoyatda rashkchi inson edi. Ayol hamisha oila davrasida bo‘lishi va eriga bo‘ysunishini xush ko‘rardi. U insonda erkaklarga xos jiddiylik ham, tantilik ham bor edi. Nihoyatda mehribon, qo‘ldan kelgan yordamini ayamaydigan inson edi. Mashinada ketayotganimizda yo‘ldan keksa insonlar chiqsa, albatta, to‘xtab, ularni manziliga yetkazib qo‘yardi. Ba’zan ayolligimga borib, “Yaqin yo‘lni uzoq qildingiz”, desam, “Savob bo‘ladi, biz ham qariymiz”, deb kulib qo‘yardi.

Foto: Instagram / @aloraximova

— Ijodingizni davom ettirish haqida o‘ylab ko‘rmadingizmi?

— Men faqatgina qizimni dunyoga keltirgach uch yil tanaffus qilganman, xolos. Undan keyin filarmoniyadagi ishimga qaytganman. Hozir ham u yerda ishlayman, konsert va tadbirlarda ishtirok etaman. Ammo shou-biznesdan yiroqlashganman. Boisi menga bugungi san’at bilan bog‘liq vaziyatlar tushunarsiz. Pul to‘lab, televizorga chiqish, bitta qo‘shiq yaratish uchun falon pul sarflashni tushunolmayman. Avvalo, menda shuncha mablag‘ yo‘q, bundan tashqari, to‘y xizmatlariga chiqish ishtiyoqim ham so‘ngan. Men faqatgina ko‘ngil mayliga qarab qo‘shiq yaratishni va qizimning tarbiyasi bilan shug‘ullanishni istayapman.

Rahmatilla Mirzayev va A’lo Rahimovaning qizi Shodiyabegim

Foto: A’lo Rahimovaning shaxsiy arxividan

— Odatda farzandlar ota-onasining kasbiga mehr qo‘yadi. Qobiliyat ham shunga yarasha in’om etiladi. Qizingiz ham san’atkor bo‘lish niyatidami?

— Qizim Shodiyabegim bolaligidan fortepiano chalishga qiziqardi. Bir necha bor ko‘rik tanlovlarda g‘olib bo‘lgandi. Gliyer nomidagi musiqa maktabining eng oldi o‘quvchilaridan biri edi. Afsuski, ustozlari barmoqlarining kaltaligi sabab boshqa musiqa asbobni o‘rganishni tavsiya qilishdi. Bu qaror qizimga va dadasi rahmatliga yoqmadi (kulib). Qizim bir necha oy barmoqlarining o‘sishini intiqlik bilan kutdi. Hozir u 16 yoshda, musiqa san’atidan tashqari, aktyorlik sohasiga ham qiziqadi.