Ukraina Vazirlar mahkamasi mamlakatdagi favqulodda holat tartibini 2020-yil 31-dekabrga qadar uzaytirdi. Ushbu rejim 2020-yil mart oyida COVID-19 epidemiyasi tufayli e’lon qilingandi, uni uzaytirish haqidagi qaror hukumatning 28-oktabrdagi yig‘ilishida qabul qilingan, deb yozmoqda “Korrespondent.net”.

Foto: EPA

Farmoyish loyihasining tushuntirish varag‘ida qayd etilishicha, Ukrainada COVID-19 koronavirus infeksiyasining tarqalishi bilan bog‘liq epidemiologik vaziyat yanada og‘irlashgani tufayli 2020-yil 13-oktabr kuni karantin choralari Vazirlar mahkamasi tomonidan 2020-yil 31-dekabrgacha uzaytirgan.

“Karantinning amal qilish muddati uzaytirilganidan keyin Ukraina hududida fuqarolarni himoya qilish yagona tizimi – favqulodda holat rejimi ham 2020-yil 31-dekabrgacha cho‘zilgan”, – deyiladi hujjatda.

Eslatib o‘tamiz, Ukrainada bir sutka ichida COVID-19 yuqtirib olish bilan bog‘liq deyarli 7,5 mingta yangi holat qayd etilgan. Bir kun davomida 165 kishi kasallik asoratlari oqibatida vafot etgan. Eng ko‘p kasallanish holatlari Xarkov va Odessa viloyatlarida, shuningdek, Kiyevda kuzatilgan.

Ukrainada koronavirusga chalingan bemorlar uchun ajratilgan koykalarning uchdan ikki qismi to‘lib bo‘lgan. Jitomir, Poltava va Lugansk viloyatlarida yuklamalar ortib ketgan, deyarli barcha viloyatlarda bemorlar koykalarning yarmidan ko‘p qismiga yotqizilgan.