Olimlar koronavirusning yangi turini aniqladi va uni 20A.EU1 deb atadi. Virusning bu turi ayni paytda Yevropa mamlakatlarida keng tarqalmoqda. Bu haqda Shveysariya va Ispaniya olimlari tomonidan o‘tkazilgan tadqiqot natijalariga asoslanib, “Korrespondent.net” xabar berdi.

Foto: EPA

Olimlarning aniqlashicha, Yevropadagi pandemiyaning ikkinchi to‘lqini koronavirusning Ispaniya qishloq xo‘jaligi xodimlaridagi mutatsiyasi bilan bog‘liq bo‘lishi mumkin. 2020-yilning yozidan buyon virusning bu turi G‘arbiy Yevropaning katta qismiga tarqalgan va hozirgi kunda COVID-19 bilan kasallanish holatlarining aksariyati aynan shu virusning hissasiga to‘g‘ri kelmoqda.

Mutatsiyaga uchragan koronavirus 20A.EU1 nomini olgan, uning tarqalishidagi asosiy rolni esa Ispaniyada ta’til o‘tkazib qaytgan odamlar o‘ynagan. Bazel universiteti genetigi va tadqiqot haqidagi maqola muallifi Emma Xodkroftning fikricha, 20A.EU1’ning tez tarqalishi karantin cheklovlari pandemiyani to‘xtatish uchun yetarli bo‘lmaganini ko‘rsatmoqda.

Olimning qayd etishicha, 20A.EU1 mutatsiyasi SARS-Cov-2 virusning shu paytgacha ma’lum bo‘lgan hech bir turiga o‘xshamaydi. Bundan tashqari, maqolada aytilishicha, bunga qadar koronavirusning D614G shtammi paydo bo‘lishiga olib kelgan mutatsiya ma’lum bo‘lgan. Olimlarning ishonch bildirishicha, bu shtamm virusni yanada zararli qilgan.