Boshqirdiston va O‘zbekiston o‘rtasida tashqi savdo aylanmasi 2020-yil yanvar—avgust oylarida 2019-yilga nisbatan 76 foizga oshdi, bu yoqilg‘i eksportining 45 baravar o‘sishi hisobiga yuz berdi. Bu haqda mahalliy OAV Boshqirdiston Tashqi iqtisodiy aloqalar davlat qo‘mitasi raisining o‘rinbosari Lena Izotovaga asoslanib xabar berdi.

Foto: Pinterest

“Hamkorligimizning ijobiy natijasi shundaki, 2020-yil yanvar—avgust oylarida tashqi savdo aylanmasi 2019-yilga nisbatan 76 foizga o‘sdi, bu yoqilg‘i eksporti hajmining 45 baravar ortishi hisobiga yuz berdi.

Shuningdek, eksportning jadal sur’atda o‘sishi “Shakar va shakar mahsulotlari” mahsulot guruhida kuzatilmoqda, uni yetkazib berish miqdori 149 dollardan deyarli 5 million dollargacha ko‘tarildi. 2020-yilda mintaqaning 147 korxonasi O‘zbekistonga eksportni amalga oshirdi”, – dedi Lena Izotova.

Boshqirdiston Tashqi iqtisodiy aloqalar davlat qo‘mitasi raisi Margarita Bolichevaning xabar qilishicha, respublikaning tashqi va tashqi iqtisodiy siyosatida O‘zbekistonga muhim o‘rin berilgan.

“O‘zbekiston muhim sherikdir, shu jumladan, import-eksport jihatidan. So‘nggi 5 yil ichida respublikalar o‘rtasidagi tashqi savdo aylanmasi 1,5 barobar o‘sib, 60 million dollardan 99 million dollarga yetdi. Bunday o‘sish mexanik uskunalar va texnika, yog‘och mahsulotlari, shisha buyumlar eksportining ortishi, shuningdek, O‘zbekistondan importning o‘sishi bilan bog‘liq”, – dedi Margarita Bolicheva.

Avvalroq O‘zbekistonda gaz qazib olish hajmining pasayishi fonida budjet tashkilotlarining ko‘mirga bo‘lgan talabi oshgani ma’lum qilingandi.