Germaniyada Lada 4x4 “Niva” bazasida yaratilgan sakkizta “Apal-21541” yo‘ltanlamaslari sotuvga qo‘yildi. Plastik kuzovga ega avtomobillar 19 990 yevrodan sotilmoqda, deb xabar beradi Motor.

Foto: “Drom.ru”

Plastik kuzovli “Stalker” yo‘ltanlamasining loyihasi birinchi bor 2000-yillar boshida paydo bo‘lgan. Biroq moliyalashtirish yetarli bo‘lmagani uchun modelni kichik seriyali ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yishning imkoni bo‘lmagan. Yengil yo‘ltanlamasni yaratish bo‘yicha ikkinchi urinish 2016-yilga amalga oshirilgan. Bir necha yillik loyihalash ishlaridan so‘ng, 2019-yili konveyrdan 30 dan ortiq nusxa chiqqan. Muhandislar 150 ta avtomobil chiqarishni rejalashtirgan, ammo loyiha yana to‘xtab qolgan.

“Apal-21541” modeli Lada 4x4 “Niva” bazasida yaratilgan. Uch eshikli yo‘ltanlamas po‘lat trubalar va sintetik polimer plastiklar bilan qoplangan karkas-panel kuzovni o‘z ichiga oladi. Kompozit materiallardan foydalanilgani sabab 3,5 metrli avtomobilning og‘irligi 1170 kilogrammga tushgan. To‘liq uzatmali yo‘ltanlamas “Niva”ning 83 ot kuchiga ega 1,7 litrli atmosfera dvigateli yordamida harakatga keladi. Agregat besh pog‘onali mexanik uzatmalar qutisi yordamida boshqariladi. Maksimal tezligi soatiga 132 kilometr.

Foto: “Drom.ru”

Sakkizta “Stalker” nusxasi Rossiya avtomobillarini Germaniya va Avstriyada sotish bilan shug‘ullanadigan Made I Russia Gmbh firmasi tomonidan sotuvga qo‘yilgan. Mahalliy dilerlar yo‘ltanlamasni Jaeger (“Ovchi”) deb atagan. Mashinalarning barchasi qora rangga bo‘yalgan bo‘lsa-da, turli komplektatsiyaga ega. Ayrim modellarning old bamperi po‘latdan ishlangan va yengil qotishmali diskalar o‘rnatilgan. Bazaviy komplektatsiyaga ega “Stalker”ni Germaniyada 19 990 yevroga xarid qilish mumkin.

Avvalroq AQShda 39 yil davomida ajoyib holda saqlangan “Niva” sotuvga qo‘yilgani to‘g‘risida xabar berilgandi.