Ichki ishlar vazirligi Yo‘l harakati xavfsizligi bosh boshqarmasi Navoiy shahrida maxsus transport haydovchisi yo‘lning qatnov qismidan kesib o‘tayotgan 14 yoshli velosipedchi qizni urib yuborgani haqida xabar berdi.

Foto: Videodan kadr

Boshqarma e’lon qilgan videolavhada qayd etilishicha, jabrlanuvchi olgan og‘ir tan jarohatlari oqibatida hodisa joyida vafot etgan.

Foto: Videodan kadr

Ushbu voqeadan keyin Navoiy viloyati YPX inspektorlari tomonidan haydovchi ishlaydigan korxonada, shuningdek, marhuma o‘qigan sport maktabida yo‘l harakati qoidalariga rioya qilish yuzasidan targ‘ibot tadbirlari o‘tkazilgan. Boshqarma axborotida YTHning qachon sodir bo‘lganiga aniqlik kiritilmagan.

Avval Farg‘ona viloyatida velosipedchilar ishtirokidagi YTHlar ko‘paygani tufayli velosipedlar ham jarima maydoniga joylashtirilayotgani, Navoiyda sodir bo‘lgan YTHda 62 yoshli velosiped haydovchisi vafot etgani, O‘zbekistonda 2020-yilning 8 oyida velosipedlar ishtirokida yuz bergan YTHlarda 143 kishi halok bo‘lgani haqida xabarlar berilgan.