O‘zbekistonda ayrim transport vositalaridan 2022-yilning oxiriga qadar utilizatsiya yig‘imi undirilmaydi. Bu haqda Vazirlar Mahkamasining “Koronavirus pandemiyasi davrida tashqi iqtisodiy faoliyat, turizm va qurilish sohalarini qo‘llab-quvvatlashga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qaroriga tayanib, Adliya vazirligi xabar berdi

Foto: “Daryo”

Qarorga ko‘ra, 2022-yilning 31-dekabrigacha quyidagi transport vositalariga utilizatsiya yig‘imining nol stavkasi qo‘llaniladi:

  • yuk tashish uchun mo‘ljallangan shatakchi avtomobillar (TIF TN kodi 8701 20, ishlab chiqarilganiga 4 yildan oshganlari bundan mustasno), shuningdek, tirkamalar va yarim tirkamalar (TIF TN kodlari 8716 31, 8716 39, ishlab chiqarilganiga 5 yildan oshganlari bundan mustasno);
  • yuk tashish uchun mo‘ljallangan yangi transport vositalari (TIF TN kodlari 8704 22, 8704 23) hamda maxsus mo‘ljallangan yangi transport vositalari (TIF TN kodi 8705 10, 8705 40, 8705 90);
  • haydovchi bilan birga 10 va undan ortiq yo‘lovchilarni tashish uchun mo‘ljallangan transport vositalari (TIF TN kodi 8702, ishlab chiqarilganiga 4 yildan oshganlari bundan mustasno).

Shuningdek. endilikda davlatlararo, hukumatlararo, xalqaro tashkilotlar yo‘nalishlari bo‘yicha xayriya yordami maqsadlarida olib kiriladigan transport vositalari uchun ham utilizatsiya yig‘imi undirilmaydi.

Eslatib o‘tamiz, O‘zbekistonda 2020-yil 1-avgustdan boshlab ayrim transport vositalariga utilizatsiya yig‘imi joriy etilgan.