Iste’molchilar huquqlarini himoya qilish agentligi tomonidan 2020-yil 23-iyuldan 9-oktabrgacha 3 mingdan ortiq dorixonada monitoring kuzatuvlari o‘tkazildi. Buning natijasida dorixonalarda ustamalar 20 foiz o‘rniga 93  foizgacha qo‘llanilgani aniqlangan. Bu haqda agentlik axborot xizmati rahbari Mohruxsor Tog‘ayeva AOKAda bo‘lib o‘tgan brifingda ma’lum qildi.

Mohruxsor Tog‘ayeva

Foto: UzReport TV

“Agentlik tomonidan respublika bo‘yicha viruslarga qarshi, immunitetni oshirish va boshqa maqsadlarga mo‘ljallangan dori vositalari narxining oshib ketishining oldini olish yuzasidan monitoring o‘tkazildi. Bunda aholi talabi yuqori bo‘lgan 91 ta savdo nomidagi dori vositalarini dorixonalarda mavjudligi va ularning chakana narxlari o‘rganildi.

O‘rganish natijasida 140 ta dorixonadan 30 tasida belgilangan ustamalarni 20 foiz o‘rniga 93  foizgacha qo‘llanilgani, 17 ta holatda yaroqlilik muddati o‘tganligi aniqlangan. Qolaversa, ro‘yxatdan o‘tmagan va kirim hujjati mavjud bo‘lmagan dori vositalarini realizatsiya qilish, 18 ta holatda litsenziyasiz faoliyat va boshqa kamchiliklar ma’lum bo‘lgan.

Qonunbuzarlik holatlari aniqlangan jami 28 ta dorixonaga ish qo‘zg‘atilib, ortiqcha olingan 2 million 800 ming so‘m pul iste’molchilarga qaytarilgan. Shuningdek, litsenziya shartlarini qo‘pol ravishda buzish holati bo‘yicha hujjatlar mutasaddi tashkilotlarga yuborilgan”, – dedi Mohruxsor Tog‘ayeva.