Rasmiy Islomobod Hindiston bilan o‘zaro ikki tomonlama shartlarni kelishib olish yuzasidan muzokaralar olib borishga tayyor. Bu haqda Pokiston bosh vaziri Imron Xon Al Jazeera telekanaliga bergan intervyusida aytib o‘tgan.

Foto: AP Photo

Xon 1947-yilda Hindiston xavfsizlik kuchlarining Kashmirni tark etganiga 73 yil to‘lishi munosabati bilan bayonot qilgan.

“Men muzokaralarga tayyorman, biroq buning uchun siz (Hindiston), avvalo, Kashmirdagi harbiy fitnalarga barham berib, ikkinchidan, kashmirliklarga BMT talablari asosida o‘zlari uchun yakuniy qaror chiqarish imkonini berishingiz zarur”, — degan Imron Xon.

Hindiston va Pokiston bir necha yillardan buyon Kashmirning yaxlit hududi uchun da’vogarlik qilib keladi, biroq ikki davlat hududning muayyan qismlarida nazorat o‘rnatgan, 2003-yildan buyon ushbu hududlarda o‘t ochmaslik rejimi qisman amal qiladi.

Hindiston 2019-yil avgust oyida Kashmir shtatiga berilgan konstitutsion avtonomlik huquqini bekor qilgan.

Ushbu qaror oqibatida o‘n minglab hindistonlik harbiylar ko‘p yillardan beri millatchilik va diniy nizolar oqibatida to‘qnashuvlar sodir bo‘lib turuvchi shtat hududiga kiritilgan.

Eslatib o‘tamiz, Pokiston harbiylari 10-avgustda Kashmir nazorat nuqtasidagi Punch sektorini o‘qotar qurol va minomyotlardan o‘qqa tutgandi.