Qozog‘iston va “Borat” filmi mualliflari o‘rtasidagi munosabatlar murakkab. Aktyor Sasha Baron Koen ushbu filmda mamlakatni juda qoloq, uning fuqarolarini juda omi qilib ko‘rsatgani tufayli undan uzoq vaqt xafa bo‘lib yurishgan. Ammo film chiqqanidan keyingi 14 yil ichida nimadir o‘zgarganga o‘xshaydi, deb yozadi Meduza.

Foto: “Krpress.ru”

Ikkinchi “Borat” filmi premyerasi arafasida Qozog‘iston ichida turizmni reklama qilishga mas’ul bo‘lgan Kazakh Tourism milliy kompaniyasi “Kazaxstan. Nraitsa!” (inglizchada “Kazakhstan. Very nice!” deb yangraydi) shiori bilan reklama chiqardi. Bu iborani Koenning qahramoni, qozog‘istonlik jurnalist Borat Sagdiyev filmda hadeb takrorlayveradi.

The New York Times gazetasi reklama mualliflari bilan bog‘landi. Ular Qozog‘iston televideniyesida sayohatlar haqidagi ko‘rsatuv boshlovchisi amerikalik Dennis Kin va uning hamkasbi, rejissor Yermek Utemisov bo‘lib chiqdi. “Nraitsa!” iborasini reklama shioriga aylantirish taklifi bilan ular Kazakh Tourism’ga murojaat qilgan.

Utemisovning fikricha, 14 yil ichida Qozog‘istonda yangi avlod yetishib chiqqan, ular Koenni yaxshi ko‘radi, uning yumorini tushunadi va hech narsadan xafa bo‘lmaydi.

Koenning o‘zi esa uning filmlaridagi Qozog‘iston haqiqiy Qozog‘istonga hech qanday aloqasi bo‘lmagan “soxta” mamlakat ekanligini aytgan. Amerikaliklar bu mamlakat haqida deyarli hech narsa bilmaganligi uchungina u aynan Qozog‘istonni tanlagan. Koenning o‘zi Qozog‘istonni “ajoyib”, uning aholisini esa mag‘rur va zamonaviy deb hisoblaydi.

Eslatib o‘tamiz, aktyor va komediant Sasha Baron Koen “Diktator” va “Borat” filmlaridagi roli sabab Qozog‘iston va Tojikistonga kirishi taqiqlangan.