Samarqand viloyatida 2 yil davomida 12 nafar fuqaroni fohishalik bilan shug‘ullanishga majbur qilgan ayol qo‘lga olindi, deya xabar bermoqda Tergov departamenti.

Foto: “Daryo”

Ma’lum qilinishicha, 2018-yilning avgust oyidan 2020-yilning oktabr oyigacha bo‘lgan vaqt oralig‘ida 44 yoshli O.K. Samarqand shahrida joylashgan uylarning birida K.U., R.E., A.A., K.A., M.F., L.M., M.Sh., G.M., M.R., H.S., D.R. va Z.B.ga ijaraga boshpana berishni va’da qilib, pasportlarini g‘ayriqonuniy ravishda olib qo‘ygan.

Shuningdek, O.K. ularni tungi vaqtda Samarqand shahar Ro‘dakiy ko‘chasi va boshqa joylarida fohishalik bilan shug‘ullanishga majburlagan.

Ta’kidlanishicha, bu shaxs 12 nafar fuqaroni zo‘rlik bilan ishlatib, har biridan kunlik 200 000 so‘mdan 500 000 so‘mgacha pul topish maqsadida foydalanib, ushbu yo‘l bilan topilgan pullarni o‘zida saqlab, shaxsiy ehtiyojlari uchun sarflagan.

Mazkur holat yuzasidan Samarqand shahri bo‘yicha IIO FMB huzuridagi Tergov bo‘linmasi tomonidan O.K.ga nisbatan Jinoyat kodeksining 135-moddasi 2-qismi “b” bandi (odam savdosi) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. O‘tkazilgan tintuv tergov harakati davomida yuqoridagi shaxslarning fuqarolik pasportlari tegishli tartibda hujjatlashtirib olingan.

Hozirda O.K. jinoyat ishi doirasida Jinoyat kodeksining 135-moddasi 2-qismi “b,i” bandlari bilan ayblanuvchi tariqasida jalb qilinib, unga nisbatan “qamoqqa olish” ehtiyot chorasi qo‘llangan.

Jinoyat ishi yuzasidan tergov harakatlari davom etmoqda.