Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligi Toshkent viloyatining Bo‘ka va Chinoz tumanlarida kambag‘al va ijtimoiy himoyaga muhtoj aholining turmush sharoitini yaxshilashga qaratilgan chora-tadbirlar samaradorligini baholash maqsadida eksperiment o‘tkazilganini xabar qildi. Eksperiment “Nobel” mukofoti sovrindorlari Banerji, Dyuflo va Kremerning kambag‘allikni qisqartirish bo‘yicha tadqiqot natijalari asosida tashkil etilgan.

“Ishchi guruh a’zolari 8 kun davomida Bo‘ka tumanidagi barcha mahallalarda 10-12 tadan jami 504 ta, Chinoz tumanidagi barcha mahallalarda 10-12 tadan jami 648 ta, umumiy hisobda 1152 ta uy xo‘jaliklarida kuzatuvlarni amalga oshirdi”, — deyiladi xabarda.

Kuzatuvlar davomida uy xo‘jaliklari tarkibi, yashash sharoitlari, iste’mol xarajatlari, real daromadlari, uzoq muddat foydalanadigan vositalari, uy xo‘jaligi a’zolarining moddiy ne’matlar va ijtimoiy xizmatlardan foydalana olish imkoniyatlari, jumladan, bepul tibbiy xizmatdan foydalanishi, farzandlarining ta’lim olishi sifati, moddiy qo‘llab-quvvatlash hamda tadbirkorlik tashabbuslari o‘rganilgan.

Shuningdek, ehtiyojmand oilalar farzandlarining yoshiga nisbatan bo‘yi, vazni o‘lchangan hamda darslarni o‘zlashtirishi o‘rganilgan. Psixologlar tomonidan ehtiyojmand oila a’zolari bilan individual suhbatlar o‘tkazilib, ularning psixologik portretini shakllantirish va kambag‘allikdan chiqarish bo‘yicha ruhiy rag‘batlantirish ishlari amalga oshirilgan.

Kuzatuvlarda olingan ma’lumotlar asosida O‘zbekistonda kambag‘allik chegarasini aniqlash, “yashash minimum” va “iste’mol savatchasi” bo‘yicha hisob-kitob ishlarini yakuniga yetkazish ko‘zda tutilgan. Qolaversa, aholining bazaviy iste’mol xarajatlari va kambag‘allik chegarasi mezonini hisoblashni amaliyotga joriy etish va kambag‘allikni qisqartirishga yo‘naltirilgan strategik chora-tadbirlarni ishlab chiqishda foydalanish rejalashtirilgan.

Ma’lumot uchun, 2019-yilda “Nobel” mukofoti laureatlariga aylangan AQSh olimlari A.Banerji, E.Dyuflo va M.Kremer kambag‘allikni qisqartirish bo‘yicha amalga oshirilgan ishlarning rivojlanayotgan mamlakatlarda amaliy jihatdan qo‘llanilishi xususida eksperiment o‘tkazgan.

Olimlar rivojlanayotgan mamlakatlarda quyidagi yo‘nalishlarda eksperimentlar olib borgan:

  • kambag‘allikni qisqartishga qaratilgan chora-tadbirlar joylardagi shart-sharoitlardan kelib chiqqan holda aniq tajribalar asosida ishlab chiqilishi;
  • arzon va sifatli tibbiy xizmat ko‘rsatish, bepul emlash hamda sog‘lom turmush tarzini shakllantirish;
  • aholining ta’lim olish davomiyligi va ta’lim sifatini oshirish;
  • ijtimoiy himoya tizimi va muhtojlarni moddiy qo‘llab-quvvatlash;
  • mikrokreditlash va tadbirkorlikka ruhlantirish;
  • kambag‘allikni qisqartirishda psixologik faktorlarning rolini oshirish;
  • rivojlanayotgan mamlakatlarda kambag‘allikni qisqartirish bo‘yicha institutsional cheklovlarning mavjudligi va boshqalar.