Mitsuoko Motor kompaniyasi o‘z tarixida birinchi bor Buddy nomi (“og‘ayni”) ostida yaratilgan yo‘ltanlamasni taqdim etdi. Yaponiyaliklar model asosini yaratishda yangi Toyota RAV4’dan foydalangan bo‘lib, u 1990-yillardagi Chevrolet Tahoe uslubida ishlangan, deb xabar beradi Motor.

Foto: Mitsuoko Motor

Mitsuoko kompaniyasi o‘tgan asrning 50-yillariga oid Britaniya modellari uslubidagi avtomobillarni chiqarishga ixtisoslashgan. Bugungi kunda yapon markasi lineykasida bir nechta sedan, xetchbek, shuningdek, rodster va kichkina uch g‘ildirakli elektromobil ham o‘rin olgan. Bu safar firma o‘z uslubidan chetga chiqib, marka tarixida birinchi bor yo‘ltanlamas yaratishga qaror qildi.

Foto: Mitsuoko Motor

Buddy nomini olgan modelning old tomoni 1990-yillardagi Chevrolet Tahoe’ni, orqa tomon — Cadillac SRX’ni yodga soladi. Kompaniya modelni loyihalashda Amerika uslubidan foydalanilganini yashirmagan, shu sababli yangi yapon mahsuloti ularga xos xromlangan radiator panjarasi va alohida old optika bilan jihozlangan. Bundan tashqari, vertikal orqa faralar va xromlangan bamper ikki avtomobil o‘rtasida yanada ko‘proq parallellikni yuzaga keltiradi.

Shu bilan birga, Buddy’ning yon qismi Toyota RAV4’ning so‘nggi avlodiga o‘xshash. Mashhur yapon modelidan yangi yo‘ltanlamas bazasi sifatida foydalanilgan bo‘lishi mumkin. 168 dan 171 ot kuchigacha bo‘lgan ikki litrli benzin dvigatellar lineykasi ham shunga shama qiladi.

Foto: Mitsuoko Motor

Mitsuoko Buddy kuzovi 11 xil rangda, shuningdek, oltita ikki xil rangga bo‘yalgan holda taqdim etiladi.

Yangi model haqida qo‘shimcha ma’lumotlar, shuningdek, uning narxi 26-noyabr kuni o‘tkaziladigan taqdimotdan oldinroq ma’lum bo‘ladi.

Foto: Mitsuoko Motor