Klein Vision kompaniyasi tomonidan yaratilgan model birdaniga ming kilometrga yaqin yo‘l bosishi va samolyotga aylanishi mumkin. Uchish vositasini sinovdan o‘tkazish doirasida u 450 metrdan ortiq balandlikka ko‘tarilgan, deb xabar beradi Daily Mail.

Foto: Klein Vision

Bu kabi parvozni u ikki marta muvaffaqiyatli bajargan. Parvozni amalga oshirish uchun kamida 30 metrli uchish-qo‘nish yo‘lagi kerak. Avtomobil soatiga 200 kilometr tezlikka qadar chiqa oladi.

Klein Vision kompaniyasining ma’lum qilishicha, avtomobil birdaniga ming kilometr yo‘l bosishi mumkin. Uning og‘irligi ming kilogrammdan ortiq bo‘lib, 200 kilogrammgacha yuk ko‘tara oladi. Avtomobilning ixcham o‘lchami sabab uni istalgan joyga qo‘ndirish mumkin.

Foto: Klein Vision

Mashina ikki o‘rinli model sifatida taqdim etilgan bo‘lib, unga 140 ot kuchiga ega 1,6 litrli BMW dvigateli o‘rnatilgan.

AirCar’ning yoyiladigan qanotlari va orqa qismida bitta propeller bor. Avtomobil oddiy yo‘lda harakatlanayotganida qanotlar yig‘iladi.

Foto: Klein Vision

Ta’kidlanishicha, 2020-yildan boshlab bu kabi avtomobillarni yo‘llar va havoda uchratish mumkin bo‘ladi. Ixtirochilarning so‘zlariga ko‘ra, u sayohat va taksi xizmatlarida qo‘l keladi. Shuningdek, loyiha haydovchi uni qo‘shimcha tayyorgarliksiz boshqarish imkonini beradi. Avtomobil yana sinovlardan o‘tishi va savdolarga tayyor bo‘lishi kerak.

Avvalroq Yaponiyadagi SkyDrive startapiga tegishli uchar avtomobil muvaffaqiyatli sinovdan o‘tkazilgani to‘g‘risida xabar berilgandi.