2020-yilgi pandemiya biznesga salbiy ta’sir ko‘rsatganiga qaramay, kompaniyalar rahbarlarini oldin hatto xayolga kelmagan noan’anaviy g‘oyalarni amalga oshirishga undadi. Odamlar uydan chiqmasdan, turli onlayn servislar orqali ostonasiga qadar yetkazib beradigan xizmatlardan foydalanishga o‘tdi. Bu nafaqat oziq-ovqat yoki kundalik ehtiyoj mahsulotlariga, balki avtomobillar savdosiga ham taalluqli, deb yozadi CARakoom.

Foto: CARakoom

Aprel oyida boshlangan pandemiyadan buyon internet orqali 26 million dollarga 460 dan ortiq avtomobilni internet orqali sotgan Volkswagen’ning Avstraliyadagi dileri ham mashinalar savdosiga ijodiy yondashdi.

Avstraliyaliklar dunyodagi eng kichkina avtosalonni yaratdi. Uning ko‘plab virtual avtosalonlardan farqi, u rostan ham mavjud. Kichkina avtosalon balandligi 28 santimetrga teng Volkswagen dilerlik markazining oddiy maketi ko‘rinishida. Uning ichidan Volkswagen’ning turli modellari maketi o‘rin olgan. Hatto ularning interyeri ham mayda detallariga qadar ishlangan.

Foto: CARakoom

Unga joylashtirilgan QR-kod orqali mijoz qo‘shimcha reallik imkoniyatlariga ega onlayn ko‘rgazma zaliga yo‘l oladi. Ushbu funksiyalardan foydalangan holda mijoz avtomobilni “sinab ko‘rishi”, shundan so‘ng to‘liq sozlashi va xarid qilishi mumkin. Qo‘shimcha reallik texnologiyasi foydalanuvchilarga avtomobillarning yorug‘ligi, eshiklarini ochish va yopish, interyerini to‘liq o‘rganish imkonini beradi.

Foto: CARakoom

“Ko‘plab odamlar avstraliyaliklar hech qachon internet orqali avtomobil xarid qilishga tayyor bo‘lishini o‘ylamagan. Biroq internet-do‘konimizning muvaffaqiyati buni isbotlab turibdi. Dunyodagi eng mitti dilerlik saloni va qo‘shimcha reallikning ishga tushirilishi internet orqali avtomobillar xaridini osonlashtirish va qulaylashtirishga yo‘naltirilgan”, — deydi Volkswagen Australia marketing va mijozlar bilan ishlash bo‘yicha direktori Jeyson Bredshou.

Foto: CARakoom