Aholining investitsiya va jamg‘arish imkoniyatlarini kengaytirish, shuningdek, qimmatbaho metallar muomalasini rivojlantirish maqsadida O‘zbekiston Markaziy banki o‘lchovli oltin quymalarni tijorat banklari orqali sotuvga chiqarmoqda. Bu haqda Markaziy bank tomonidan ma’lum qilindi.

Foto: Markaziy bank

Og‘irligi 5, 10, 20 va 50 gramm bo‘lgan, 999,9 soflikdagi oltindan tayyorlangan quymalar maxsus himoya qadoqlarida sotuv uchun taqdim etiladi. Oltin quymalarning qadog‘i sertifikat vazifasini bajaradi va o‘z seriya raqamiga ega bo‘ladi.

Oltin quymalarning sotish va qaytarib sotib olish narxlari oltinning jahon bozoridagi narxi va Markaziy bank tomonidan belgilangan marja yoki chegirma asosida shakllanadi va har kuni Markaziy bankning veb-saytida milliy valyutada e’lon qilib boriladi.

Qadoqlari but oltin quymalar sotuv shoxobchalarida tijorat banki tomonidan yombi egasiga to‘lovni darhol amalga oshirish orqali qaytarib sotib olinadi.

Qadog‘i buzilgan yoki texnik talablarga mos kelmaydigan oltin quymalarni qaytarib sotib olish ularni texnik ekspertizadan o‘tkazish orqali amalga oshiriladi va ekspertiza o‘tkazilgandan so‘ng to‘lov to‘lab beriladi.

Foto: Markaziy bank

Oltin quymalar Italiyaning “Certiline Srl.” kompaniyasi bilan hamkorlikda ishlab chiqilgan maxsus qadoqlarda muomalaga chiqariladi.

Foto: Markaziy bank

Oltin quyma va uning qadog‘i bir xil seriya raqamiga ega. Qadoqda 3 turdagi himoya elementi mavjud:

Foto: Markaziy bank

Sotuvga chiqarilayotgan to‘rt turdagi oltin quymalarining narxlari quyidagicha:

  • 5 grammli quyma — 3 436 000 so‘m;
  • 10 grammli quyma — 6 623 000 so‘m;
  • 20 grammli quyma — 13 121 000 so‘m;
  • 50 grammli quyma — 32 177 000 so‘m;
  • Markaziy bankning esdalik oltin tangasi (31,1 gramm) — 20 014 000 so‘m.

Quymalar va tangalarni mamlakatning barcha viloyatlaridagi banklarda sotib olish mumkin. Ularning to‘liq ro‘yxati bilan quyidagi havola orqali tanishish mumkin.

Eslatib o‘tamiz, O‘zbekistonda banklar oltin yombilari sotishni boshlashi 2020-yilning iyul oyida ma’lum bo‘lgandi. Sentabr oyida qabul qilingan “Qimmatbaho metallar muomalasini tartibga solishni yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Prezident farmoni bilan O‘zbekistonda jismoniy shaxslarga qimmatbaho yombi va tangalarni xorijga cheklovlarsiz olib chiqish huquqi berildi.