Samarqand viloyatida Damas avtomobili velosipedchini urib yubordi, deya xabar bermoqda viloyat YHXB.

Kadr: Videodan skrinshot

Qayd etilishicha, Samarqand viloyati Bulung‘ur tumani ichki yo‘lining 4R-47 avtomobil yo‘lining 3-kilometrida Damas rusumli avtomobil harakatlanib kelayotgan velosipedni urib yubordi. Oqibatda velosipedchi olgan tan-jarohatlari natijasida voqea joyida vafot etdi. Haydovchi esa tuman tibbiyot birlashmasi shifoxonasiga yotqizilgan.

Aniqlanishicha YTH sodir etgan Damas avtomobili 2020-yilda ishlab chiqarilgan bo‘lib, 2020-yil 29-avgust kuni Davlat YHXB ro‘yxatdan o‘tgan.

Kadr: Videodan skrinshot

“Davlat ahamiyatiga ega 4R-47 avtomobil yo‘lining umumiy uzunligi 80 kilometrni tashkil etadi. Shundan 0 dan 33-kilometrigacha Bulung‘ur tumanidan o‘tgan bo‘lib, Bulung‘ur tumani yo‘llaridan foydalanish unitar korxonasi tomonidan xizmat ko‘rsatiladi.

Bevosita YTH sodir etilgan 3 va 4-kilometr oralig‘ida yo‘lning 300 metr qismi juda ham tor. Buning sababi yo‘lning ikki chetida aholi turar joylari zich joylashgan. Yo‘l tungi yoritish chiroqlari bilan jihozlanmagan. Yo‘lning ikki tomonidan trotuar mavjud, lekin trotuar ham ta’mirga muhtoj.

Yo‘l ikkita harakatlanish bo‘lagiga ega. Ikki yo‘l qatnov qismi o‘rtasidan uzluksiz yo‘l chizig‘i bilan ajratilgan. Lekin bu chiziqni ham yangilash lozim bo‘ladi”, – deydi Samarqand viloyati IIB YHXB xodimi Xoljigit Umarov.

Bulung‘ur tumani yo‘llardan foydalanish unitar korxonasi xodimi Rashid Mamatqulov haqiqatan ushbu yo‘l talabga javob bermasligi hamda yo‘lda tungi yoritish chiroqlar yo‘qligini tasdiqladi.

“Yo‘llarimizga bosqichma-bosqich yoritish chiroqlarini qo‘yib kelyapmiz. Yo‘l 2021-yilda kengaytiriladi. Yoritish chiroqlari esa 2021-yil 1-choragida o‘rnatiladi”, – deydi Rashid Mamatqulov

Holat yuzasidan tuman YHXB tomonidan surishtiruv ishlari olib borilmoqda.

Avvalroq Yuqori Chirchiqda “Jiguli” haydovchisi ikki nafar piyodani urib yuborib, voqea joyidan qochib ketgani va jabrlanuvchilar vafot etgani, Farg‘onada Lacetti urib yuborgan 8 yoshli qizaloq shifoxonada vafot etgani hamda Surxondaryoda o‘ziga tegishli bo‘lmagan mashinani boshqargan haydovchi ikki kishining o‘limiga sababchi bo‘lgani haqida xabar berilgandi.