Namangan viloyati Norin tumanida tungi chiroqlar bilan yoritilmagan va piyodalar o‘tish joyi talabga javob bermaydigan avtomobil yo‘lida Damas piyodani urib ketdi, deya xabar bermoqda YHXBB.

Kadr: Videodan skrinshot

Ma’lum qilinishicha, 2020-yilning 31-oktabr kuni soat 23:30 larda Norin tumani Cho‘ja–Haqqulobod yo‘lining dastlabki kilometrida Damas avtomobili piyodani urib yuborgan. Natijada piyoda voqea joyida vafot etgan.

YTH sodir bo‘lgan joy YHXB inspektorlari tomonidan ko‘zdan kechirilganda yo‘l tungi yoritish chiroqlari bilan jihozlanmagani aniqlangan.

Norin tumani Obodonlashtirish boshqarmasi Tashqi yoritish bo‘limi boshlig‘i Matyakov Ne’matjonning ta’kidlashicha, pandemiya sabab ko‘cha chiroqlari uchun mablag‘ ajratilmay qolgan.

“Voqea joyiga yaqin bo‘lgan piyodalar yo‘lakchasi chiziqlari o‘chib ketgan. Shu haftaning oxiriga belgilarni chizdirib qo‘yamiz”, – deydi tuman Yo‘llardan foydalanish bo‘limi boshlig‘i Bo‘stonov Lazizbek.

“Ko‘cha chiroqlarini 2020-yilning 4-choragida budjet mablag‘larining orttirilgan qismidan o‘rnatish taklifini beramiz. Yo‘l belgilari, piyodalar yo‘lakchasini ko‘rib chiqamiz. Haftaning yakuniga hamma muammolar bartaraf etiladi”, – deydi Norin tumani hokimligi Qurilish kotibiyati mutaxassisi Ortiqaliyev Doston.

Norin tumani IIB boshlig‘i xizmat bo‘yicha o‘rinbosari, mayor Turg‘unov Husniddinning so‘zlariga ko‘ra, 2020-yil yakunida tuman hokimiyati mablag‘lar hisobidan yo‘llarga fotoradar qo‘yish rejalashtirilgan.

Avvalroq Samarqandda Damas velosipedchini urib ketgani, Buxoroda 69 yoshli fuqaro yo‘lovchi poyezdi urib ketishi oqibatida halok bo‘lgani hamda Jizzaxda “Jiguli” eshak aravani urib yuborishi oqibatida ikki kishi halok bo‘lgani haqida xabar berilgandi.