Hukumatning 3-noyabrdagi qarori bilan innovatsion g‘oyalar va startap ekotizimini qo‘llab-quvvatlash infratuzilmasini yaratish maqsadida UzVC milliy venchur fondi mas’uliyati cheklangan jamiyat shaklida tashkil etildi.

Qarorda qayd etilishicha, fondning boshlang‘ich ustav kapitali 15 milliard so‘m miqdorida belgilangan.

Fond boshqaruviga malakali va xalqaro tajribaga ega chet el fuqarolari jalb etiladi. To‘rt oy ichida fond faoliyatini amalga oshirish uchun tanlov asosida ustav kapitalida ulushi bo‘lmagan mustaqil xususiy boshqaruv kompaniyasi jalb etiladi.

UzVC ofisi Toshkentning Olmazor tumanida joylashgan Innovatsion rivojlanish vazirligining  ma’muriy binosida joylashadi.

Eslatib o‘tamiz, 2019-yilning 25-sentabrida ICT WEEK 2019 doirasida bo‘lib o‘tgan Digital Uzbekistan forumida O‘zbekistonda birinchi venchur jamg‘armaning tashkil etilishi haqida e’lon qilingandi.

Shavkat Mirziyoyevning 2018-yil 22-yanvarda imzolagan “2017—2021-yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasini “Faol tadbirkorlik, innovatsion g‘oyalar va texnologiyalarni qo‘llab-quvvatlash yili”da amalga oshirishga oid Davlat dasturi to‘g‘risida”gi farmoniga ko‘ra, venchur fondlarga 2023-yilning 1-yanvariga qadar soliq imtiyozlari taqdim etiladi.