Mudofaa xarajatlarining o‘sib borishi, impichment, Meksika bilan chegarada devor va tarixiy tashriflar. Jo Baydenning saylovlardagi raqibi, AQShning 45-prezidenti Donald Trampning birinchi prezidentlik muddati nimalar bilan yodda qoldi? “RBK” shu mavzuda fotogalereya tayyorladi.

“Men juda muvaffaqiyatli biznesmendan bosh teleyulduz va AQSh prezidentigacha (birinchi urinishda bunga erishib) bo‘lgan yo‘lni bosib o‘tdi. O‘ylashimcha, bu mening aqlli emas, balki daho ekanligimni, juda barqarorligimni ko‘rsatadi”, — deb javob bergan edi Donald Tramp 2018-yilda o‘ziga qaratilgan tanqidga. U AQSh tarixida hech qachon na siyosiy va na harbiy xizmatda bo‘lgan yagona prezident hamda impichment e’lon qilingan uchinchi prezident bo‘ldi.

2017-yil 20-yanvar kuni 45-AQSh prezidenti Donald Trampning inauguratsiyasi bo‘lib o‘tdi. Birinchi xonim Melaniya inauguratsiyadan keyingi an’anaviy balga o‘zi dizayner Erve Pyer (Carolina Herrera markasining sobiq kreativ direktori) bilan birgalikda yaratgan oq ko‘ylakda keldi. Keyinroq u libosni Amerika tarixi milliy muzeyiga hadya qildi

Foto: AP Photo

Meksika bilan chegarada devor qurish — 45-AQSh prezidentining saylovoldi va’dalaridan biri. Ushbu loyihani moliyalashtirish bo‘yicha yuzaga kelgan ziddiyatlar AQSh hukumati faoliyatining tarixda eng uzoq vaqt to‘xtab qolishiga olib keldi. Devor narxi 12 milliarddan 70 milliard dollargacha baholanmoqda. Suratda: Donald Tramp AQSh chegara xizmati boshlig‘i Rodni Skott bilan Arizona shtati San-Luis shahrida AQSh va Meksika o‘rtasidagi devor yonida, 2020-yil 23-iyun

Foto: Reuters

2017-yil 16-iyun kuni Tramp Kubaga nisbatan siyosatini qat’iylashtirdi va Barak Obama davrida erishilgan kelishuvlarning bir qismini bekor qildi. U, xususan, AQShga qochib o‘tgan kubaliklarga bir yil ichida yashash uchun guvohnoma so‘rab murojaat qilish imkonini beradigan wet feet, dry feet siyosatini bekor qildi, Kubaga bormoqchi bo‘lgan amerikaliklar uchun cheklovlar kiritdi hamda kubalik harbiylar bilan ish yuzasidan hamkorlik qilishni taqiqladi. U Kubaga juda ko‘p marta yon bosilganini, ammo “endi u kunlar o‘tib ketgani”ni aytdi

Foto: AP Photo

2018-yil 19-sentabr kuni Tramp Shimoliy va Janubiy Karolinada “Florens” to‘fonidan jabr ko‘rgan hududlarga tashrif buyurdi. To‘fon oqibatida 43 kishi halok bo‘ldi, yetgan zarar 22 milliard dollardan ziyodga baholandi

Foto: AP Photo

2017-yil mayida u Quddusdagi Iso qabri ibodatxonasi va Yig‘i devorini ziyorat qilgan birinchi amaldagi AQSh prezidentiga aylandi. O‘sha yili u ushbu shaharni Isroil poytaxti deb tan oldi va Amerika elchixonasi Tel-Avivdan ko‘chirilishini e’lon qildi, bu esa Falastinda noroziliklarni keltirib chiqardi

Foto: Reuters

Donald Tramp va Yaponiya bosh vaziri Sindzo Abe AQSh prezidentining Yaponiyaga tashrifi chog‘ida, 2017-yil 6-noyabr

Foto: Reuters

Tramp va uning rafiqasi Melaniya 2018-yil 24-avgust kuni Ogayo shtatidagi Kolumbus Bolalar milliy kasalxonasiga tashrif buyurdi. Bu tashrif aks etgan suratlardan birini sog‘liqni saqlash vaziri Aleks Azar internetga joyladi. Foydalanuvchilar suratda Oq uy rahbari davlat bayrog‘ini bo‘yashda xatoga yo‘l qo‘yayotganini payqab qoldi: U gorizontal chiziqlardan birini to‘q ko‘k rangga bo‘yamoqda, aslida esa ular oq yoki qizil bo‘lishi kerak

Foto: AP Photo

2018-yilning aprelida Fransiya prezidenti Emmanyuel Makron AQShga rasmiy tashrifi chog‘ida Trampga Amerika harbiylari Ikkinchi jahon urushi chog‘ida joylashib olgan Fransiya shimolidan keltirilgan eman ko‘chatini sovg‘a qildi. Bunga javoban AQSh prezidenti va birinchi xonimi Fransiya yetakchisiga Oq uy Havorang xonasidagi stul qoplamasini, uning tashrifi chog‘ida olingan suratlardan iborat albomni hamda o‘zlarining imzolari tushirilgan Tiffany&Co kompaniyasining kumush qadahini hadya qildi

Foto: Reuters

Tramp NATO ishtirokchilari orasida mudofaa xarajatlari adolatsiz tarzda taqsimlangani yuzasidan bir necha marta noroziligini izhor qilgan. 2018-yil iyulda Bryusseldagi sammitda bo‘ladigan uchrashuv oldidan Tramp yakuniy hujjatga imzo qo‘yishga rozi bo‘lmasligi yoki AQSh alyansni tark etishini e’lon qilishidan xavotirlanishgan edi. Ammo uchrashuv yakunida Amerika yetakchisi kommyunikeni imzoladi va sheriklari bilan mudofaa xarajatlarini oshirish haqida kelishuvga erishdi. Suratda: birinchi qatorda (chapdan o‘ngga): Belgiya bosh vaziri Sharl Mishel, NATO bosh kotibi Yens Stoltenberg, AQSh prezidenti Donald Tramp, Buyuk Britaniya bosh vaziri Tereza Mey. Ikkinchi qator (chapdan o‘ngga): Germaniya kansleri Angela Merkel, Gretsiya bosh vaziri Aleksis Sipras, Vengriya bosh vaziri Viktor Orban. Uchinchi qator (chapdan o‘ngga): Norvegiya bosh vaziri Erna Dolberg, Polsha prezidenti Anjey Duda, Portugaliya bosh vaziri Antoniu Koshta, Ruminiya prezidenti Klaus Yoxannis

Foto: Getty Images

2018-yil 14-avgust kuni Tramp 2019-moliya yili uchun AQSh mudofaa budjetini imzoladi, u o‘sha vaqtda AQSh tarixidagi rekord miqdor — 716 milliard dollarga teng bo‘ldi. Trampning prezidentlik davrida mudofaa budjeti faqat o‘sdi, ammo YaIMga nisbatan mudofaa xarajatlari qisqardi. Suratda: AQSh prezidenti 2018-yil 13-avgust kuni Nyu-York shtatidagi Fort-Dram harbiy bazasiga tashrifi chog‘ida

Foto: Reuters

2019-yil 30-iyun kuni Donald Tramp KXDR yetakchisi Kim Chen In bilan Shimoliy va Janubiy Koreya chegarasidagi qurolsizlantirilgan hududda uchrashdi. Tramp ramziy ma’noda chegarani kesib o‘tdi va KXDR hududida bo‘lgan amaldagi birinchi AQSh prezidentiga aylandi

Foto: Reuters

Amerika yetakchisi 11 yoshli Frenk Jachchioni olqishlamoqda (2017-yil 15-sentabr). Bolakay Trampga xat yozib, Oq uy yonidagi chimni o‘rib berishni taklif qilgan. Uni bir kunga pushti bog‘da Milliy bog‘lar xizmati xodimlari bilan birgalikda ishlab ko‘rishga taklif qilishdi

Foto: Reuters

Amerika yetakchisining Buyuk Britaniyaga ikkinchi tashridi chog‘ida (2019-yil) London markazida norozilik aksiyalari bo‘lib o‘tdi, matbuotda esa Britaniyaning AQShdagi elchisi Kim Derrokning yozishmalari tarqaldi, u xatlarida Trampni “beso‘naqay” va “yengiltak odam” deb atagan. Oq uy rahbari Derrok bilan boshqa ishlamasligini ma’lum qildi. Britaniya TIV maxfiy ma’lumot tarqalishida aybdor bo‘lganlarni jazolashga va’da berdi, elchi esa iste’foga chiqdi. Suratda: Oq uy rahbari va Buyuk Britaniya qirolichasi Yelizaveta II mehmonlar bilan Londondagi Bukingem saroyida davlat ziyofati oldidan, 2019-yil 3-iyun

Foto: AP Photo

Donald Tramp 2020-yilgi AQSh Mustaqillik kuni munosabati bilan Rashmor tog‘ida uyushtirilgan mushakbozlik tomoshasida, u yerda AQSh asoschilari Jorj Vashington, Tomas Jefferson, Teodor Ruzvelt va Avraam Linkolnga atalgan yodgorlik joylashgan

Foto: AP Photo

2020-yil 4-fevral kuni prezidentning kongressdagi an’anaviy nutqi boshlanishidan oldin Tramp vakillar palatasi spikeri Nensi Pelosining qo‘lini siqishdan bosh tortdi. Trampning chiqishidan keyin Pelosi uning nutqi yozilgan qog‘ozlarni yirtib tashladi va jurnalistlarga “mavjud muqobil yo‘llarni hisobga olganda, bu u qilishi mumkin bo‘lgan eng odobli ish bo‘lgani”ni ta’kidladi. O‘tgan yilning sentabrida Pelosi Ukrainaga harbiy yordam to‘xtatib qo‘yilgani sababli Trampga nisbatan impichment jarayoni boshlangani haqida e’lon qilgan edi. Ammo amaldagi prezidentni hokimiyatdan chetlatish bo‘yicha AQSh tarixidagi uchinchi urinish amalga oshmadi. Suratda: Nensi Pelosi, Donald Tramp va vitse-prezident Mayk Pens

Foto: Reuters

AQSh prezidenti 2019-yil 26-noyabr kuni shukronalik kuni arafasida an’anaviy kurkani afv etish marosimida. Bu safar u Bred va Batter (ingliz tilida “non” va “saryog‘”) nomlari berilgan ikki kurkani qo‘yib yubordi. An’ana 1947-yilda Milliy kurka federatsiyasi va Parrandachilar milliy kengashi birinchi marta AQSh prezidenti Garri Trumenga kurka sovg‘a qilganidan keyin boshlangan edi

Foto: Getty Images

AQSh prezidenti 2020-yil 6-mart kuni Tennissi shtatida tornado yetkazgan zararni ko‘zdan kechirmoqda. Ushbu shtatda tabiiy ofat oqibatida 50 dan ortiq uylar vayron bo‘lgan, kamida 25 kishi halok bo‘lgan, qariyb 150 kishi kasalxonaga yotqizilgan edi

Foto: Reuters

Donald Tramp va Melaniya Tramp 2020-yil 16-fevralda Florida shtatidagi Deytona-Bich shahrida NASCAR poyga assotsiatsiyasining Daytona 500 musobaqalarini ochib berdi. Juftlik trassa bo‘ylab o‘zining “The Beast” (“Yirtqich”) limuzinida yurib o‘tdi

Foto: Reuters

Amerika yetakchisi Oq uyning Janubiy maysazorida mashhur pitcher Mariano Rivera otgan beysbol koptogini tutmoqda, 2020-yil 23-iyul. Tramp sportchilar bilan Bosh beysbol ligasi chempionati boshlanishi sharafiga uchrashdi

Foto: Getty Images

AQSh prezidenti Donald Tramp va vitse-prezident Mayk Pens Floridadagi Kanaveral burnidan SpaceX Falcon 9 raketasi va Crew Dragon kosmik kemasi uchirilishini kuzatmoqda, 2020-yil 30-may. Tramp SpaceX rahbari Ilon Maskni ilk xususiy boshqariluvchi missiya muvaffaqiyatli uchirilgani bilan qutladi

Foto: Reuters

Tramp Amerika konservatorlari ittifoqi anjumanida, 2020-yil 29-fevral

Foto: AP Photo

Donald Tramp O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Amerika iqtisodiyoti Tramp hokimiyat tepasiga kelganidan so‘ng juda katta natijalarga erishgani haqidagi fikriga: “Men bu so‘zlarga 100 foiz qo‘shilaman”, deya munosabat bildirayotgan vaziyat, 2018-yil 18-may

Foto: Reuters