Farg‘ona halqa avtomobil yo‘li (R-112)ning Andijon viloyati Asaka tumani “Yuqori Bo‘z” mahallasi hududidan o‘tgan qismida 6-noyabr kuni soat taxminan 23:50 da inson o‘limi bilan tugagan yo‘l-transport hodisasi sodir bo‘ldi, deya xabar bermoqda IIV Yo‘l harakati xavfsizligi bosh boshqarmasi.

Fuqaro M.A. boshqaruvidagi VAZ-21011 “Jiguli” avtomobili qirg‘izistonlik haydovchining MAN yuk avtomobili bilan to‘qnashgan. Oqibatda “Jiguli”da bo‘lgan uch kishi og‘ir ahvolda kasalxonaga yotqizilgan — ikki nafari Asaka tumanidagi shifoxonada vafot etgan, yana birining ahvoli og‘ir, deb baholanmoqda.

Kadr: Telegram / @yhxbb_uz

“Ushbu YTHning kelib chiqishiga, avvalo, haydovchining xavfli burilish joyida avtomobil boshqaruvini yo‘qotishi, ikkinchidan, tungi vaqtda ustunlardagi yoritish chiroqlarining o‘chiq bo‘lgani sabab sifatida ko‘rsatilishi mumkin. Mazkur holat bo‘yicha yoritish chiroqlaridan qarzdorlik mavjud bo‘lganini aniqladik — tuman elektr tarmoqlari korxonasi tomonidan yoritish chiroqlari o‘chirib qo‘yilgan. Shu joyda yoritish chiroqlari ishlab turganida, bunday og‘ir oqibatli YTH sodir bo‘lmasligi ham mumkin edi”, — deydi Andijon viloyati IIB YHXB boshlig‘i Saidolim Zingirov.

Asaka tumani Obodonlashtirish boshqarmasi Ko‘cha chiroqlari bo‘limi boshlig‘i Rasuljon Akbarov vaziyat yuzasidan izoh berarkan, “yo‘l kengayib, yana qo‘shimcha chiroq ustunlari o‘rnatilgani tufayli, qarzdorliklar ko‘payib ketgan, oqibatda tuman elektr tarmoqlari korxonasi ustunlardagi chiroqlarni tarmoqdan uzib, maxsus shkaflarni muhrlab qo‘ygan”. Qayd etishlaricha, ko‘chadagi chiroqlari ta’mirdan chiqarilgan, yangi yoritish uskunalari o‘rnatilgan holatda bo‘lgan.

Kadr: Telegram / @yhxbb_uz

Andijon viloyati IIB YHXB vakili Fazliddin Burhonovning ta’kidlashicha, avtomobil yo‘lida barcha belgilar, chiziqlar, to‘siqlar me’yorlarga mos, biroq ikki kun davomida ustunlardagi chiroqlar ishlamagan. Uning so‘zlariga ko‘ra hozirda YTH yuzasidan dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda va Tergov organi tomonidan vaziyatga huquqiy baho beriladi.

Bu Andijon viloyatida so‘nggi vaqtlarda qayd etilgan odam o‘limi bilan bog‘liq YTHlarning dastlabkisi emas. Avvalroq, oktabr oyida Andijonda Damas yuk mashinasiga urilishi oqibatida voyaga yetmagan yo‘lovchi halok bo‘lgani, Jalaquduq tumani hududidan o‘tuvchi Xonobod—Andijon avtomobil yo‘lida sodir bo‘lgan YTH oqibatida Damas haydovchisi vafot etgani, sentabr oxirida Buloqboshi tumanida Volvo yuk mashinasi haydovchisi ikki nafar qizaloqni bosib ketib, xonadonlarning biriga borib urilib, o‘zi ham voqea joyida halok bo‘lgani haqida xabar berilgan edi.