O‘zbekistonda aholini ro‘yxatga olish muddati 2020-yildan 2023-yilga ko‘chirildi. Bu hukumatning 11-noyabrdagi qarorida belgilandi.

Foto: “Daryo”

Davlat statistika qo‘mitasi xabariga ko‘ra, respublikada mustaqillik yillarida aholini ro‘yxatga olish tadbiri ilk bor o‘tkazilayotganligi inobatga olinib, tadbirga puxta tayyorgarlik ko‘rish va uni sifatli o‘tkazish maqsadida shunday qarorga kelingan.

“Aholini ro‘yxatga olish tadbiri keng ko‘lamli, ko‘p vaqt va katta mablag‘ talab etadigan tadbir bo‘lib, uni o‘tkazish uchun 2-3 yil davomida tayyorgarlik ishlarini olib borish talab etiladi”, — deyiladi xabarda.

Qo‘mita xabarida, shuningdek, bugungi kunda ko‘pgina davlatlar koronavirus pandemiyasi tufayli aholini ro‘yxatga olishni o‘tkazish muddatlarini keyingi yillarga ko‘chirish choralarini ko‘rayotgani ta’kidlangan. Bunga aholini ro‘yxatga olish tadbirlarini 2021-yilga ko‘chirgan Rossiya, Qozog‘iston va Armanistonni misol sifatida keltirgan.

Eslatib o‘tamiz, O‘zbekiston Prezidentining 2019-yil 5-fevraldagi farmonida 2022-yilda aholini ro‘yxatga olish o‘tkazilishi belgilangan edi. 2020-yil 16-martda “Aholini ro‘yxatga olish to‘g‘risida”gi qonun qabul qilingan. Shavkat Mirziyoyev iyun oyida milliy statistika sohasini takomillashtirish chora-tadbirlari bo‘yicha yig‘ilish o‘tkazgan va O‘zbekistonda mustaqillik yillarida mamlakatda aholini ro‘yxatga olish o‘tkazilmaganini ta’kidlangandi.