Turkmaniston prezidenti Gurbanguli Berdimuhamedov alabay zotli itga atab oltindan o‘rnatilgan haykalning ochilish marosimida ishtirok etdi, deb xabar beradi “RBK”.

Kadr: Telegram

Balandligi 6 metrni tashkil etadigan itning haykali 9 metrli postamentga o‘rnatilgan. Ta’kidlanishicha, diametri 36 metrga keladigan maydonga joylashtirilgan 15 metrli monument barcha tarafdan ko‘zga yaxshi tashlanadi.

“Turkmenistan Segodnya” agentligining ma’lumotlariga ko‘ra, ushbu haykalni o‘rnatish tashabbusini prezidentning o‘zi ilgari surgan. Shu orqali “ushbu ajoyib hayvonlarning mislsiz jasorati va katta mehribon yuragiga hurmat ko‘rsatish, millatning tarixiy taqdiridagi roli hamda xalq hayotida egallagan o‘rnini qayd etish”ga uringan.

Ma’lumot uchun, 2017-yilda Turkmaniston prezidenti Rossiya prezidenti Vladimir Putinga alabay kuchugini sovg‘a qilgandi. Berdimuhamedovning so‘zlariga ko‘ra, kuchukka “Sodiq” laqabi berilgan. 2019-yining mayida esa Berdimuhamedov Rossiya bosh vaziri Dmitriy Medvedevga ham alabay sovg‘a qilgan.

Eslatib o‘tamiz, 2015-yilda Ashxobodda Turkmaniston prezidentining oltin bilan qoplangan haykali ochilgandi. Shu yilning iyunida esa Gurbanguli Berdimuhamedov Ashxobodda velosipedga qo‘yilgan monumentning ochilish marosimida ishtirok etgan edi.