Aholini ro‘yxatga olish 2021-yil 1—25-noyabrda sinov tariqasida Andijon viloyati Xo‘jaobod tumani, Toshkent viloyati Yuqori Chirchiq tumani, Xiva shahri hamda Toshkent shahri Yashnobod tumanlarida bo‘lib o‘tadi, deb xabar bermoqda “Gazeta.uz” Adliya vazirligi matbuot xizmatiga tayanib.

Foto: “Daryo”

Aholini ro‘yxatga olishga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish tartibi to‘g‘risidagi nizom 11-noyabr kuni hukumat tomonidan tasdiqlangan. Hujjatga ko‘ra, aholini to‘liq ro‘yxatga olish 2021-yildan 2023-yilga ko‘chirilgan.

1—25-noyabr kunlari esa u quyidagi tartibda o‘tkaziladi:

  • 1—5-noyabrda aholi internet tarmog‘i orqali ro‘yxatga olinadi;
  • 6—10-noyabrda internet orqali ro‘yxatga olingan respondentlar va ularning uy manzillari ro‘yxati shakllantiriladi;
  • 11—22-noyabrda aholini ro‘yxatga olish varag‘i shakllari asosida uyma-uy yurib aholi ro‘yxatga olinadi;
  • 23—25-noyabrda har bir uchastkadagi uy-joy manzillarining 10 foizi tanlanma ravishda nazorat kuzatuvi asosida o‘rganiladi.

Davlat statistika qo‘mitasi aholini ro‘yxatga olishni 2023-yilga ko‘chirish qarori respublikada mustaqillik yillarida aholini ro‘yxatga olish tadbiri ilk bor o‘tkazilayotganligi inobatga olingan holda, shuningdek, tadbirga puxta tayyorgarlik ko‘rish va uni sifatli o‘tkazish maqsadida qabul qilinganini bildirgan.

Eslatib o‘tamiz, O‘zbekiston Prezidentining 2019-yil 5-fevraldagi farmonida 2022-yilda aholini ro‘yxatga olish o‘tkazilishi belgilangan edi. 2020-yil 16-martda “Aholini ro‘yxatga olish to‘g‘risida”gi qonun qabul qilingan. Shavkat Mirziyoyev iyun oyida milliy statistika sohasini takomillashtirish chora-tadbirlari bo‘yicha yig‘ilish o‘tkazgan va O‘zbekistonda mustaqillik yillarida mamlakatda aholini ro‘yxatga olish o‘tkazilmaganini ta’kidlangandi.