Starlink sun’iy yo‘ldosh interneti minus darajali havo haroratida ham, shamol va qorli kunlarda ham soniyasiga 150-175 megabit (17,8-20 megabayt) tezlikdan foydalanish imkoniyatini taqdim etadi. Bu haqda Business Insider nashri SpaceX kompaniyasining sun’iy aloqa tizimi ilk foydalanuvchilariga oid hisobotlariga tayanib, xabar berdi.

Foto: Uswitch

AQSh shimolida istiqomat qiluvchi foydalanuvchilarning ta’kidlashicha, havo harorati past bo‘lganida internet tezroq ishlaydi.

Ularning so‘zlariga ko‘ra, ko‘chadagi havo Selsiy bo‘yicha -11 bo‘lsa, kirish tezligi 175 megabitga yetgan. Sovuqroq havo vaqtida esa uning tezligi 150-160 megabitni tashkil etgan.

Mo‘tadil qor yog‘ishi ham Starlink ishiga xalaqit qilmaydi. Bundan tashqari, namlik sabab aloqa sifati o‘zgarmaydi: terminalga tushadigan qor, uning yuzasida erib ketadi. Uning harorati — noldan to‘rt dajara Selsiygacha bo‘lib, ustiga tushgan qor suv tomchilariga aylanib qoladi.

AQSh shimolida yashovchi foydalanuvchi shamol tezligi soatiga 80 kilometrga yetganida va qor 7 santimetr qalinlikda yog‘ganida ko‘chada qolgan terminalning ishlashi sekinlashganini qayd etgan. Qorli bo‘ron vaqtida kiruvchi tezlik soniyasiga 20-30 megabitgacha (2,5-3,7 megabayt), chiquvchi — 3-4 megabitga sekinlashgan.

Avvalroq AQShning SpaceX kosmik kompaniyasi Falcon 9 uzatkich-raketasi vositasida yana 60 ta Starlink sun’iy yo‘ldoshini koinotga uchirgani to‘g‘risida xabar berilgandi. Bu loyiha doirasidagi 15-parvoz, ayni vaqtda orbitada 900 ta Starlink sun’iy yo‘ldoshlari uchib yuribdi. Ilon Maskning “global Wi-Fi”iga obuna bo‘lish oyiga 99 dollarga baholangan.