Bundan roppa-rosa 75 yil oldin, 1945-yil 20-noyabr kuni Germaniyaning Nyurnberg shahrida fashistlar Germaniyasining bir qator rasmiylari ustidan sud jarayoni boshlandi. Jarayon bir yil davom etdi va 1946-yilning 1-oktabrida nihoyasiga yetdi. “Daryo” sana munosabati bilan jarayonga doir asosiy savollarga javob topishga harakat qiladi.

Foto: AFP

1939-yilda boshlangan Ikkinchi jahon urushi insoniyat tarixidagi eng qirg‘inbarot urush bo‘ldi. Yetti yil davom etgan harbiy harakatlar natijasida 60 milliondan ortiq odam halok bo‘ldi. Ularning aksariyati tinch aholi vakillari edi. 1945-yil 8-mayda Germaniya, 2-sentabrda Yaponiyaning taslim bo‘lishi bilan urush nihoyasiga yetdi.

Urushda aybdor deb topilgan Germaniya rahbarlarining bir qanchasi ustidan 1945-yilning 20-noyabr kuni Nyurnberg shahrida sud jarayoni boshlandi. Jarayonni yoritish uchun butun dunyodan 200 ga yaqin jurnalist tashrif buyurdi. Tarixda ilk bora xalqaro huquqda insoniyatga qarshi jinoyatlari uchun deb nomlangan tushuncha kiritildi.

Nyurnberg jarayonini tashkil etishga kimlar qaror berdi?

Nemis fashistlari ustidan xalqaro tergov va sud jarayoni tashkil qilish masalasi ilk bora 1943-yil oktabr oyida Moskvada o‘tgan ittifoqchilarning Moskva konferensiyasida o‘rtaga tashlangan edi. Undan keyingi Qrim va Potsdam konferensiyalarida ham bu jarayon haqida muhokamalar davom etdi.

Mazkur ilk xalqaro tribunalni o‘tkazish bo‘yicha qaror 1945-yil 8-avgust kuni AQSh, SSSR, Buyuk Britaniya va Fransiya tomonidan London kelishuvi doirasida qabul qilindi. Aynan mana shu kelishuvda insoniyatga qarshi jinoyat tushunchasiga izoh berib o‘tildi. Sud jarayoni uchun to‘rt nafar sudya tayinlandi. Ular g‘olib bo‘lgan to‘rt ittifoqchi davlatdan tashrif buyurgan sudyalar edi.

Foto: AFP

Asosiy javobgarlar kimlar edi?

Salkam bir yil davom etgan tribunalda 22 nafar fashistlar ustidan ish ko‘rib chiqildi. Ammo asosiy aybdorlar jarayondan “qutulib” qoldi. Bular 1945-yil 30-aprel kuni o‘z joniga qasd qilgan Adolf Gitler va 1-may kuni ayoli, farzandi va o‘zini o‘ldrigan Jozef Gebbelslar edi.

Jarayondagi eng asosiy aybdor esa Uchinchi Reyxning hamon hayotda bo‘lgan quruvchilaridan biri, Gestaponing asoschisi va 1933-yildan buyon vazir bo‘lgan German Gering bo‘ldi. Bundan tashqari, yana ikki nafar urush generallari Vermaxtning harbiy operatsiyalarga mas’uli Alfred Jodl va Vermaxt bosh qo‘mondoni 1945-yil 8-maydagi Germaniyaning taslim bo‘lish haqidagi bitimini imzolagan Vilgelm Keytellar ham bor edi.

Qolgan aybdorlar esa siyosiy va harbiy jabhada ikkinchi pog‘onadagi shaxslar edi. Ulardan biri Germaniyaning Buyuk Britaniyadagi sobiq elchisi, keyinchalik esa tashqi ishlar vaziri bo‘lgan Yoaxim Fon Ribbentropdir. Natsistlarning kulrang kardinali deya nom chiqargan Martin Bormann ham sud jarayonida hukm etildi.

Javobgarlarga qanday ayblovlar qo‘yilgan edi?

Uchinchi Reyxning eng yuqori kadrlari asosan to‘rtta jinoyatda ayblandi. Bular fitna, urush jinoyati tinchlikka qarshi jinoyat va tarixda ilk bor insoniyatga qarshi jinoyat edi. Xalqaro harbiy tribunal Konstitutsiyasiga muvofiq ushbu yangi tamoyil “qotillik, qirg‘in, qullik, deportatsiya va boshqa har qanday tinch aholiga qarshi urushdan oldin yoki urush paytida sodir etilgan boshqa g‘ayriinsoniy harakatlar; siyosiy, irqiy yoki diniy sabablarga ko‘ra ta’qib qilishni” o‘z ichiga oldi.

Foto: AFP

Tribunal raisi britaniyalik sudya Gofrey Lourens jarayon ochilishida nutq so‘zlab, mazkur jarayonning insoniyat tarixidagi o‘rni beqiyos ekanini ta’kidlaydi. Shuningdek, mazkur jarayon xalqaro huquqning poydevorini qo‘yishga imkon berdi. Jarayon, eng avvalo, urushdan jabr ko‘rgan tinch aholi vakillariga qaratilgan jinoyatlarni ko‘rib chiqdi. Yahudiylar masalasi esa bu jarayondan o‘rin olmadi. Yahudiylarga qarshi jinoyatlar 1961-yil Eyxman ishi doirasida ko‘rib chiqildi.

Jarayon nega Nyurnbergda bo‘lib o‘tdi?

Nyurnberg shahri Uchinchi Reyxning markaziy shahri edi. Sababi, aynan mana shu shaharda natsistlar partiyasining yillik yig‘inlari o‘tkazilar edi. Ushbu shaharda Uchinchi Reyxning quruvchilaridan biri deb hisoblanuvchi Alber Shpeyer tomonidan qurilgan stadionda partiyaning yillik yig‘ilishlari, katta tadbirllar amalga oshirilar edi. Shu sababli ham qasos olingani ramzi sifatida ittifoqchilar sud jarayoni uchun ham shu shaharni tanladi.

Qanday hukmlar chiqarildi?

Nyurnberg jarayoni 1946-yil 1-oktabr kuni nihoyasiga yetdi. Sudlanuvchilardan uch nafari oqlandi, yetti nafari turli muddatga qamoq jazosini olgan bo‘lsa, 12 ta sudlanuvchi o‘lim jazosiga hukm etildi. O‘limga hukm etilganlar orasida Ribbentrop, Hans Frank, Keytel, Rozenberg, Kaltenbrunner, German Geringlar bor edi. O‘limga hukm etilganlarning o‘n bir nafari 1946-yil 16-otkabr kuni osib o‘ldirildi. Faqatgina German Gering hukm ijrosidan bir kun oldin o‘z kamerasida joniga qasd qilib, qatldan “qutulib” qoldi.

Germaniyada 1946–1949-yillarda urushning qolgan aybdorlari shifokorlar, yuristlar, politsiya va armiyaning yuqori lavozimli kishilari ustidan boshqa sud jarayonlari o‘tkazildi. Bir qator natsistlar jazodan qutulib qolgan bo‘lsa, ba’zilari yuqori lavozimini saqlab qoldi. Ular ichida eng yorqin misol natsistlarning xorijdagi targ‘ibotchisi bo‘lgan Kurt Kizinger 1966–1969-yillarda G‘arbiy Germaniyaning kansleri lavozimida faoliyat olib bordi.

Jahongir Ostonov tayyorladi.