Toshkent shahridagi Navro‘z to‘yxonasi rekonstruksiya qilinib, qator loyihalar amalga oshiriladi. Bu haqda “O‘zbekiston 24” telekanalida ma’lum qilindi.

Toshkent shahar hokimi o‘rinbosari Sharof Rahmonovning ta’kidlashicha, to‘yxona to‘liq rekonstruksiya qilinib, atrofi sayilgohga aylantiriladi.

Kadr: O‘zbekiston 24

Kadr: O‘zbekiston 24

“‘Navro‘z’ to‘yxonasi o‘rniga ichini rekonstruksiya qilgan holda binoning 2-qavatida 2000 kvadrat metrdan ko‘p bo‘lgan joyda biz Toshkent shahridagi barcha investitsiya loyihalari taqdimoti va davlat ishtirokidagi davlat ulushi bor korxonalarning Showroom’i tashkil etiladi.

Bundan tashqari, binoning 1-qavatida ishsizlar birjasi bo‘lib o‘tadi. Bu loyiha Mehnat vazirligi bilan birgalikda amalga oshiriladi.

‘Temir daftar’ga tushgan ishsiz aholi shu yerga kelib, mutaxassisligi bo‘yicha o‘ziga ma’qul keladigan ishni topish imkoniyati bo‘ladi”, – deydi Sharof Rahmonov.

Hokim o‘rinbosari bino atrofidagi asosiy qism aholi uchun sayilgohga aylantirilishi haqida ham ma’lum qilgan.

Avvalroq Prezident Shavkat Mirziyoyev Yashnobod tumanidagi Texnopark faoliyati bilan tanishgan edi.