O‘zbekiston bosh vaziri Abdulla Aripov Turkistonda Qozog‘iston hukumati rahbari Asqar Mamin bilan uchrashdi, deya xabar bermoqda Qozog‘iston hukumati matbuot xizmati.

Foto: Qozog‘iston hukumati axborot xizmati

Qayd etilishicha, Abdulla Aripov va Asqar Mamin savdo-iqtisodiy, investitsiya, qishloq xo‘jaligi, suv-energetika, transport-logistika, bojxona sohasidagi hamkorlik, shuningdek sanoat kooperatsiyasi va mintaqalararo o‘zaro aloqalarning dolzarb masalalarini muhokama qildi.

“O‘zbekiston va Qozog‘iston o‘rtasida 2020–2022-yillarda hamkorlikni kengaytirish va chuqurlashtirish bo‘yicha amaliy chora-tadbirlar rejasi, tovarlarni taqsimlashning mintaqaviy tizimi, Qozog‘iston–O‘zbekiston chegarasida Xalqaro savdo-iqtisodiy hamkorlik markazini yaratish, chegara-bojxona postlarini modernizatsiya qilish va boshqa masalalarga alohida e’tibor qaratildi”, – deyiladi hukumat xabarida.

Foto: Qozog‘iston hukumati axborot xizmati

Qayd etilishicha, O‘zbekiston Qozog‘istonning Markaziy Osiyo mintaqasidagi asosiy savdo sherigi hisoblanadi. 2019-yil yakuni bo‘yicha o‘zaro tovar ayirboshlash hajmi 21,2 foizga o‘sib, 4,5 milliard dollarni tashkil etdi.

Ma’lum qilinishicha, tomonlar savdo aylanmasini 10 milliard dollarga yetkazishni rejalashtirgan.

Foto: Qozog‘iston hukumati axborot xizmati

Hukumat rahbarlari Turkistonda Turkistan Textile to‘qimachilik mahsulotlarini ishlab chiqarish bo‘yicha Qozog‘iston–O‘zbekiston qo‘shma korxonasining ochilish marosimida ham qatnashdi.

Avvalroq Abdulla Aripov Qozog‘iston bosh vaziri o‘rinbosari Roman Sklyarni qabul qilgani hamda O‘zbekiston va Qozog‘iston “to‘siqlarni yechish” va aksiz siyosatini liberallashtirish masalalarini muhokama qilgani haqida xabar berilgandi.