2019-yil va 2020-yilning 9 oyida 20 ta og‘ir, 207 ta o‘ta og‘ir jinoyatlar fosh etilmagan. Shundan 35 tasi qotillik, 18 tasi og‘ir tan jarohati yetkazish, 5 tasi nomusga tegish, 11 tasi bosqinchilikni tashkil etadi. Bu haqda 20-noyabr kuni Senatning to‘qqizinchi yalpi majlisida “Genom bo‘yicha davlat ro‘yxatiga olish to‘g‘risida”gi qonuni muhokamasi vaqtida senator Farhod Boqiyev ma’lum qilgan.

Foto: Oliy Majlis Senati axborot xizmati

Bundan tashqari, 2020-yilning 9 oyida 367 ta bedarak yo‘qolgan fuqaro topilmagan va 224 ta noma’lum murda shaxsi aniqlanmagan.

“Sud-huquq tizimidagi islohotlar qonun ustuvorligini ta’minlash bilan birga huquqbuzarliklarning barvaqt oldini olish, ularni sodir etishga imkon yaratgan sabab va sharoitlarni bartaraf etish, shuningdek, sodir etilgan jinoyatlarni izi sovimasdan fosh etishda foydalaniladigan ilmiy-texnik usul va vositalarni modernizatsiya qilishni talab qilmoqda”, — deydi Boqiyev.

Shuningdek, jinoyatchilar tomonidan hodisa joylarida o‘z izlarini qoldirmaslik maqsadida turli xil usullardan foydalanilayotgani qayd etildi. Fosh etilmagan jinoyatlar esa o‘z navbatida jinoyatchilarga jazolanmaslik hissini kuchaytirib, kelgusi jinoiy faoliyatini davom ettirishga imkon berishi ta’kidlandi.

Ma’lumot uchun, bugungi kunda jazoni ijro etish muassasalarida og‘ir jinoyat uchun 8311 nafar va o‘ta og‘ir jinoyat uchun 15 765 nafar, jinsiy erkinlikka qarshi qaratilgan jinoyatlar uchun 1777 nafar sudlangan shaxslar mavjud. Og‘ir va o‘ta og‘ir jinoyat sodir etganligi uchun hukm qilinib,  jazo muddatini o‘tab ozodlikka chiqqan lekin sudlanganlik holati tugatilmagan shaxslardan ham majburiy ravishda Genom bo‘yicha davlat ro‘yxatiga olinishi bildirilgan.

Yalpi majlisda senatorlar tomonidan “Genom bo‘yicha davlat ro‘yxatiga olish to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi qonuni ma’qullandi. Qonun 2023-yil 1-yanvardan e’tiboran kuchga kiradi.