Andijon viloyati hokimligi ijtimoiy tarmoqlarda ketma-ket tarqalgan va jamoatchilik orasida keng muhokamalarga sabab bo‘layotgan Shuhrat Abdurahmonovning audioyozuvlari bo‘yicha bayonot berdi. Unda eski audiolar maxsus ishlov berilib, qasddan tarqatilgani ta’kidlangan.

Foto: “Daryo”

“Bir guruh ijtimoiy tarmoq foydalanuvchilari tomonidan 2 yil muqaddam yozib olingan audioyozuvlar ijtimoiy tarmoqlardan ko‘chirib olinib, g‘arazli maqsadda uni ma’lum qismini kesib, ‘hayp’ qilish niyatida ijtimoiy tarmoqlarga joylashtirilib borilmoqda.

Soha mutaxassislarini jalb qilgan holda tarqalgan audioyozuvlarni o‘rganish ishlari olib borildi. O‘rganish davomida shu ma’lum bo‘ldiki, audioyozuvlar ‘alohida mutaxassislar’ yordamida turli xil audioyozuvlardan kesib olib, montaj qilingan”, deyiladi hokimlik bayonotida.

“Ijtimoiy tarmoqlarga joylab borilayotgan bu audioyozuvlar yillar davomida bir guruh shaxslar tomonidan yig‘ib borilganligi, bu ishlar viloyat rahbarining imijiga ta’sir ko‘rsatish niyatida puxta o‘ylangan reja asosida amalga oshirilayotganligini sezish mumkin”, deyiladi rasmiy munosabatda va mazkur holatlar yuzasidan huquqni muhofaza qiluvchi tashkilotlar tomonidan dastlabki surishtiruv ishlari amalga oshirilayotgani bildirilgan.

“Xabar.uz”ning qayd etishicha, tarqalgan audiolar “2 yil muqaddam yozib olingani” haqidagi iddaolar hozirdanoq shubha uyg‘otmoqda.

“Bitta misol. So‘nggi tarqalgan uchinchi audioda Shuhrat Abdurahmonov ‘Alisher Usmonov degan hooov milliarder’ qishloqlarni obod qilish uchun Namanganga ‘50 million dollar pul bergani’ni tilga oladi. Vaholanki, Alisher Usmonov o‘zi tug‘ilib o‘sgan viloyatga shuncha himmat ko‘rsatgani o‘tgan yili (ikki yil avval emas!) ma’lum bo‘lgandi”, — deb yozmoqda nashr.

Shuningdek, rasmiy bayonotda tarqalgan audio, ularning har birida tilga olingan holat va haqoratlar haqida lom-lim deyilmagani, ovoz viloyat hokimiga tegishli ekani inkor etilmagani ta’kidlangan.

Eslatib o‘tamiz, taxminan 7-noyabrda internetda Shuhrat Abdurahmonov unga “sassiq gapirgan” marhamatlik uch ayolni 15 sutkaga qamatgani haqida gapirgan audio tarqalgandi. Viloyat hokimligi matbuot xizmati bu audioyozuv ikki yil avvalgi ekanini ta’kidlagan, biroq ijtimoiy tarmoq foydalanuvchilari hokimlikning bu bayonotini shubha ostiga olib, xususan, marhamatlik ayollarning noroziligi 2020-yil oktabr oyi oxirida yuz berganini ko‘rsatib o‘tgan edi.

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati Rasul Kusherbayev muhokamalarga sabab bo‘lgan mazkur audioyozuvga munosabat bildirarkan, bu gaplar qachon aytilgani ahamiyatsiz ekanini ta’kidlab, Andijon hokimini “Lenin boshlagan boshqaruvning sodiq vorisi” deb atagandi.

Keyinroq 14-noyabrda Shuhrat Abdurahmonovning ovozi yozilgan ikkinchi audio tarqaldi. Unda hokim O‘zbekiston Savdo-sanoat palatasi raisi Adham Ikromov ishtirok etgan yig‘ilishda viloyatda mavjud kamchiliklar haqida gapirmoqchi bo‘lgan andijonlik tadbirkorlarni “shakal” deb atagan.

19-noyabr kuni Shuhrat Abdurahmonovning ovozi yozilgan yana bir audioyozuv internetda tarqaldi. Unda viloyat rahbari Andijonda olib borilayotgan ishlar haqida gapirgan ba’zi kishilarni “sassiq” deb atagan. Ushbu xabarning tayyorlanishiga sabab bo‘lgan “yangi audio” aslida 2019-yilning iyun oyida tarqalgan ikki yarim soatlik eski audiodan kesib olingan parcha ekani ma’lum bo‘ldi.