Farg‘ona viloyat prokuraturasi elektr tarmoqlari va qurilmalarining kuz-qish davrida uzluksiz ishlashga tayyorligini tekshirish davomida viloyatning ayrim hududlarida elektr energiyasi yetkazib berishda 3 soatdan 28 soatgacha uzilishlar kuzatilayotganini aniqladi. Bu haqda O‘zA xabar bermoqda.

Foto: “Daryo”

Bunga yuqori kuchlanishli elektr tarmoqlarida sodir bo‘ladigan avariyalarni tezkor bartaraf etish bo‘yicha mobil guruhlar faoliyati talab darajasida emasligi va ularning moddiy-texnik bazasi to‘liq tashkil etilmaganligi sabab qilib ko‘rsatilgan.

Xususan, Quva tumanida 3 soatdan 28 soatgacha, Qo‘shtepada kuniga 3-7 soatgacha, Furqatda 9 soatgacha, Marg‘ilon shahar, Beshariq, Toshloq, O‘zbekiston, Oltiariq va Yozyovonda 4 soatgacha, Bag‘dod 3 soatgacha, Rishton, Buvayda va Dang‘arada 5 soatgacha, Uchko‘prikda 2 soatgacha uzilishlar kuzatilgan.

Ushbu holatlar yuzasidan viloyat, tuman va shahar elektr tarmoqlari korxonalari mansabdor shaxslariga nisbatan Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksining 198-moddasi 1-qismida (hokimiyat vakilining qonuniy talablarini bajarmaslik) ifodalangan huquqbuzarlik alomatlari bilan ma’muriy javobgarlik to‘g‘risida ish qo‘zg‘atilgan.

Shuningdek, ushbu mavsumda aholi va ijtimoiy soha obyektlariga ko‘mir va briket mahsulotlarini o‘z vaqtida yetkazib berish choralarini ko‘rmagan “Ko‘mir ta’minot” mas’uliyati cheklangan jamiyati mansabdor shaxslariga nisbatan ham yuqoridagi modda bo‘yicha ma’muriy javobgarlik to‘g‘risida ish qo‘zg‘atilgan.

Bundan tashqari, Marg‘ilon shahridagi “temir daftar”da ro‘yxatga olingan aholi qatlamini ijtimoiy va ma’naviy muhitini sog‘lomlashtirish bo‘yicha olib borilgan o‘rganishlarda aholi murojaatlarini hal etilishida qonun buzilishi holatlariga yo‘l qo‘ygan hamda hokimiyat vakilining qonuniy talablarini lozim darajada bajarmagan viloyat tashkilot va idoralarining 6 nafar mansabdor shaxslarining javobgarlik masalasi ko‘rib chiqilib, ularga nisbatan ma’muriy javobgarlik to‘g‘risida ish qo‘zg‘atish shaklidagi prokuror nazorat hujjatlari qo‘llanilgan.

Avvalroq Energetika vazirligi O‘zbekistonda kuzatilayotgan elektr ta’minotidagi uzilishlarga energiya iste’moli ortganini sabab qilib ko‘rsatgandi. Tanzila Norboyeva gaz va elektr muammosi maxsus ko‘rib chiqilishi, yalpi majlisda ko‘tarilishi, Prezidentga axborot berilishini aytdi. Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasi gaz va elektr muammolari yuz berayotgani bo‘yicha qo‘mita va uning huzuridagi agentlikka murojaat qilishni so‘radi.