Dunyoda koronavirusga chalinganlar soni 58 million kishidan oshdi, deb yozadi “Kommersant” Jons Hopkins universiteti ma’lumotlariga tayanib. 1,38 million kishi virusdan vafot etgan. 11 ta mamlakatda bemorlar soni 1 milliondan oshgan.

Foto: AP Photo

Kasallanganlar soni bo‘yicha yetakchi bo‘lgan mamlakatlar quyidagilar:

  • AQSh — 12,1 million;
  • Hindiston — 9,05 million;
  • Braziliya — 6 million;
  • Fransiya — 2,2 million;
  • Rossiya — 2,05 million.

Koronavirus oqibatida eng ko‘p o‘limlar AQShda (256 ming), Braziliyada (169 ming), Hindistonda (133 ming), Meksikada (101 ming) va Buyuk Britaniyada (54 ming) qayd etilgan.

Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti ma’lumotlariga ko‘ra, so‘nggi bir oyda dunyo bo‘yicha aniqlangan kasallanish holatlari pandemiyaning ilk olti oyi davomida aniqlangandan ko‘ra ko‘proqdir. So‘nggi ikki hafta mobaynida tashkilot bir hafta uchun rekord darajadagi kasallanish holatlarini qayd etdi. AQShda esa bir haftada 1 milliondan ziyod koronavirusga chalinish holati aniqlandi.

AQShda pandemiya boshidan buyon COVID-19’ga chalinganlar soni 12 million kishidan oshib ketdi. 22-noyabr holatiga ko‘ra, mamlakatda 12 million 38 ming bemor aniqlangan. 255,5 ming kishi vafot etgan. AQSh kasalliklar nazorati va profilaktikasi markazi prognoziga ko‘ra, dekabr o‘rtalariga kelib, AQShda koronavirusdan vafot etganlar soni 298 ming kishiga yetishi mumkin.

Worldometers’ga ko‘ra, AQShda kasallanish darajasi bo‘yicha Texas birinchi o‘rinda bormoqda, undan keyinda — Kaliforniya. Ikkala shtatda ham 1,1 milliondan ortiq kishi kasallikni yuqtirgan. Shuningdek, bemorlar soni bo‘yicha yuqori beshlikka Florida (931,8 ming), Illinoys (646,2 ming) va Nyu-York (623,2 ming) kiradi.