Qoraqalpog‘istonning Nukus shahri va Toshkent viloyatining Yangiyo‘l tumanida is gazidan zaharlanish holatlari qayd etildi. Bu haqda Bosh prokuratura matbuot xizmatiga tayanib, “Xabar.uz” ma’lum qildi.

Qayd etilishicha, Qoraqalpog‘iston markazidagi ko‘p qavatli uylarning birida ijarada yashab kelayotgan Nukus davlat pedagogika institutining talabasi bo‘lgan to‘rt nafar qiz xonadonda o‘rnatilgan isitish qozonxonasi quvuridan sizib chiqqan is gazidan zaharlangan. Bu haqda 20-noyabr kuni ma’lum bo‘lgan.

Shu kuni Yangiyo‘l tumani “Qovunchi” mahalla fuqarolari yig‘ini hududida istiqomat qiluvchi bir oilaning besh nafar a’zosi (ota-ona, uch nafar voyaga yetmagan farzand) ham yashab kelgan uyning oshxonasida is gazidan zaharlangani aytilmoqda.

Zaharlanganlarning barchasi shifoxonaga yotqizilgan. Vafot etganlar haqida ma’lumot yo‘q.

Xabarda aytilishicha, har ikki holat bo‘yicha (mahalliy prokuratura organlari tomonidan) tergovga qadar tekshiruv harakatlari olib borilmoqda.

Avvalroq Navoiyda ikki nafar aka-uka is gazidan zaharlanib vafot etgani, Samarqandda qo‘lbola pechdan is gazi sizib chiqishi oqibatida yosh er-xotin vafot etgani, keyinroq ular ikki kun avval turmush qurgani ma’lum bo‘lgandi.