Toshkent viloyatining Qibray tumanida joylashgan uylarning birida 21-noyabr kuni gaz portladi. Oqibatda ikki kishi halok bo‘ldi.

Foto: “Nuz.uz”

FVV matbuot xizmati xabariga ko‘ra, soat 19:16 larda Qibray tumani, Guliston-3 ko‘chasi, 15-uyda gaz-havo aralashmasining chaqnashi sodir bo‘lgan. Chaqnash oqibatida uyning bir qismi qulab tushgan, qolgan qismining devorlari va shifti hosil bo‘lgan kinetik zarba natijasida deformatsiyaga uchragan.

Vazirlik tomonidan olib borilgan qidiruv-qutqaruv ishlari vaqtida uy vayronalari ostidan soat 19:45 da uy egasi X.N. og‘ir ahvolda olib chiqilib, Toshkent shahar 7-sonli klinik shifoxonasiga yotqizilgan. Olib borilgan reanimatsion muolajalarga qaramasdan, bemor soat 20:45 da vafot etgan.

Foto: “Nuz.uz”

Shuningdek, olib borilgan qidiruv-qutqaruv ishlari davomida soat 23:06 da uy egasining o‘g‘li A.A.ning jasadi topilgan.

Portlashga xonadon yonidan o‘tgan yerosti gaz quvuridan tabiiy gaz sizib chiqib, xonadonning yerto‘la qismiga to‘planishi sabab bo‘lgani taxmin qilinmoqda.

Voqea joyiga viloyat hokimligi, FVB, IIB, SSB, prokuratura va boshqa tegishli idoralarning kuch va vositalari jalb etilib, tiklash va surishtiruv ishlari olib borilmoqda.

Foto: “Nuz.uz”

Eslatib o‘tamiz, shu yilning aprel oyida Samarqand viloyatining Kattaqo‘rg‘on shahrida aholi yashovchi ko‘p qavatli uyda portlash sodir bo‘lgan, oqibatda uch kishi halok bo‘lgandi.