Tojikistonda 390 mingdan ortiq kam ta’minlangan oilalar, yolg‘iz keksalar, nogironlar, yetimlar va qarovsiz bolalar, shuningdek, yordamga muhtoj chet elliklar – qochqinlarga bir martalik manzilli ijtimoiy nafaqalar to‘landi. Bu haqda Asia-Plus xabar qildi.

Foto: Asia-Plus

Yordam prezidentning “COVID-19 yuqumli kasalligining Tojikistonning ijtimoiy-iqtisodiy sohalariga ta’sirining oldini olish to‘g‘risida”gi farmoni doirasida budjet mablag‘lari hisobidan amalga oshirildi.

Ma’lum qilinishicha, 2020-yilning 17-noyabriga qadar bir martalik moddiy yordam ko‘rsatish uchun 175 million somoniyga yaqin (o‘rtacha yillik stavka bo‘yicha taxminan 15 million dollar) mablag‘ ajratildi, shundan 156 million somoniydan ziyodini muhtojlar qabul qilib olgan.

Ushbu mablag‘larning 35 foizga yaqini Xatlonda, 31 foizi So‘g‘dda, 23 foizi tumanlarda, 7 foizidan ortig‘i Dushanbeda va 4 foizidan sal ko‘prog‘i Tog‘li-Badaxshon muxtor viloyatida tarqatilgan.

Tegishli vazirlik va idoralar tomonidan tayyorlangan ro‘yxatga ko‘ra, 437,4 mingga yaqin kam ta’minlangan oilalar, yolg‘iz keksalar, nogironlar, yetim bolalar, qarovsiz qolgan bolalar va kam ta’minlangan chet el fuqarolariga bir martalik manzilli yordam ko‘rsatilmoqda.

Ma’lumot uchun, “COVID-19 yuqumli kasalligining Tojikistonning ijtimoiy-iqtisodiy sohalariga ta’sirining oldini olish to‘g‘risida”gi farmon prezident tomonidan 2020-yil 5-iyunda imzolangan.

“Davlat budjetining zaxira mablag‘lari va budjetdan tashqari jamg‘armalari hisobidan aholining zaif qatlamlariga, shu jumladan 1941–1945 yillardagi Ikkinchi jahon urushi qatnashchilariga, ijtimoiy nafaqa olayotgan fuqarolarga, nogironlarga, yetim bolalarga, qarovsiz qolgan bolalarga, kam ta’minlangan oilalarga eng kam ish haqi miqdorida bir martalik yordam taqdim etiladi”, – deyiladi hujjatda.

Bundan tashqari, 2020-yilning may oyida hukumat qarori bilan kam ta’minlangan oilalarga manzilli ijtimoiy nafaqalar tayinlash va to‘lashning yangi mexanizmi tasdiqlandi. Ushbu mexanizm orqali yordam berish 2020-yilning 1-iyulidan boshlandi.

Unga ko‘ra, har bir kam ta’minlangan oilaga yillik nafaqa 464 somoniy qilib belgilandi. Bunday imtiyozlar “Amonatbank” bo‘linmalari orqali har chorakda 116 somoniy miqdorida to‘lanadi.

Avvalroq Tojikistonda tahsil olayotgan o‘zbekistonlik talabalarning mamlakatga kirishiga ruxsat berilgani hamda Toshkent va Dushanbe o‘rtasidagi aviaqatnovlarni tiklash 2021-yil boshiga qoldirilgani haqida xabar berilgandi.