“Qirg‘iz jo‘lu” jamiyati raisi Qodirbek Koshaliyev Qirg‘iziston nomini o‘zgartirishni taklif qildi, deb xabar berdi “24.kg”.

Foto: “RIA Novosti”

Navbatdagi konstitutsiyaviy yig‘ilish Bishkekda bo‘lib o‘tmoqda. Koshaliyev mamlakat nomini konstitutsiyada Qirg‘iz Xalq Respublikasi deb ro‘yxatdan o‘tkazishni taklif qildi. Uning so‘zlariga ko‘ra, yangi Konstitutsiya qonun loyihasida xalq qurultoyi konsepsiyasi kiritilganiga muvofiq respublika xalqniki bo‘lishi kerak.

“Biz birinchi marta rasmiy ravishda xalq qurultoyi institutini Konstitutsiyaga kiritmoqdamiz. Demokratiya va davlat boshqaruvi tushunchasi mavjud. Bugun davlat xalqni o‘z qo‘l ostiga oldi. Hech bir mamlakatda xalq boshqaruvi yo‘q. Bizda esa oligarxlar mamlakatni boshqaradi.

Bizga xalq ta’sirining dastagi kerak. Barcha yuqori lavozimlar xalq qurultoyi tasdiqlanishi kerak. Shundan so‘nggina biz korrupsiyaning minimal darajasiga erishamiz va mansabdor shaxslar yanada mas’uliyatli bo‘ladi”, – dedi Qodirbek Koshaliyev.

Ma’lumot uchun, Qirg‘izistonda Jo‘qorg‘i Keneshning 80 deputati yangi Konstitutsiya loyihasini va referendum o‘tkazish to‘g‘risidagi qonunni qabul qilish tashabbusi bilan chiqqan. Referendumni 10-yanvarda o‘tkazish taklif qilinmoqda. Konstitutsiya loyihasi parlamentning rasmiy veb-saytida ommaviy muhokama uchun taqdim etildi.

Eslatib o‘tamiz, Qirg‘izistonda 4-oktabr kuni parlament saylovi bo‘lib o‘tdi. Markaziy saylov komissiyasining dastlabki ma’lumotlariga ko‘ra, parlamentda deputatlik o‘rniga ega bo‘lish uchun zarur bo‘lgan yetti foizlik dovondan to‘rtta partiya o‘ta oldi.

Saylov natijalaridan norozi bo‘lgan minglab kishilar 5-oktabr kuni namoyishga chiqdi. Namoyishlar tartibsizlikka aylanib ketdi, tartibsizliklarda bir necha yuz kishi jarohat oldi, bir kishi vafot etdi. Namoyishchilar mamlakat parlamenti va prezident administratsiyasi joylashgan binoni egallab oldi, shuningdek, mamlakatning sobiq prezidenti Almazbek Atambayev va sobiq bosh vazir Sapar Isakovni qamoqdan ozod qildi. Qirg‘iziston Markaziy saylov komissiyasi 6-oktabr kuni parlament saylovi natijalarini haqiqiy emas deb topdi.

15-oktabr kuni So‘ronbay Jeenbekov Qirg‘iziston prezidentligi lavozimidan iste’fo berganini e’lon qildi. U bosh vazir Sadir Japarov va boshqa siyosatchilardan o‘z tarafdorlarini poytaxtdan olib chiqib ketishni so‘ragan va ulardan bishkekliklar tinchligini buzmaslikni iltimos qilgan. 16-oktabr kuni parlament majlisida Qonunchilik kengashi spikeri Kanat Isayev davlat rahbarining vazifalarini vaqtincha bajarishni rad etgan. Yakunda bosh vazir Sadir Japarov prezident vazifasini bajaruvchiga aylandi.

U mamlakat rahbari vazifasini bajaruvchi vakolatlarini 15-noyabr kuni topshirdi. Qirg‘izistonda muddatidan oldingi prezidentlik saylovlari 2021-yilning 10-yanvarida bo‘lib o‘tadi.