23-noyabrdan boshlab dunyo miqyosidagi pandemiya hamda mamlakat hududida o‘tkir yuqumli kasalliklarning tarqalishi va yuqishini oldini olish maqsadida Turkmanistonda 50 yoshdan katta fuqarolarning hududlar bo‘ylab harakatlanishi taqiqlab qo‘yildi. Bu haqda “Xronika Turkmenistana” xabar qilgan.

Foto: “Xronika Turkmenistana”

Qayd etilishicha, yangi qoida avvalgi cheklov choralarining ijobiy natijasi sabab joriy etilgan.

Turkmanistonda 1-noyabrdan boshlab davolanish yoki xizmat safari uchun yoki boshqa uzrli sabab bilan hududlararo harakatlanishga ruxsat etilishi belgilangandi.

Endi 50 yoshdan katta kishilar viloyatdan viloyatga umuman o‘ta olmaydi.

So‘nggi haftalarda Turkmanistonda qo‘shimcha cheklovlar qo‘llanilgan, masalan, fuqarolarning harakatlanishi, bozorlar faoliyati, xalqaro aviaqatnovlarning to‘xtatilishi kelasi yilgacha uzaytirilgan, politsiya tomonidan fuqarolarning doimiy ravishda tibbiy niqoblarda yurishi bo‘yicha nazorat kuchaytirilgan. Mazkur choralarning qo‘llanilgani mamlakatda epidemiologik vaziyat yomonlashganidan darak bermoqda, biroq hukumat hanuzgacha koronavirusning Turkmanistonga kirib kelganini rasman tan olmay kelmoqda.

“Xronika Turkmenistana”ning yozishicha, 13-noyabrdagi yopiq majlisda Sog‘liqni saqlash va tibbiy sanoat vazirligi amaldorlari vaziyat og‘irlashganini tan olib, yuqumli kasalliklar bilan ishlovchi muassasalar rahbarlariga binolarni ta’mirlash va kasalxonalardagi koykalarni almashtirish yuzasidan topshiriq bergan.